O‘zbekistonga tashrif buyurgan Toqayev, pedagogik etika me’yorlarini eslatgan vazir — 11-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklar

O‘zbekistonga tashrif buyurgan Toqayev, pedagogik etika me’yorlarini eslatgan vazir — 11-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Qosim-Jomart Toqayev Buxoroda qanday kutib olindi — foto

Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jomart Toqayev amaliy tashrif bilan Buxoroga keldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Oliy martabali mehmon Buxoro xalqaro aeroportida Mirziyoyev tomonidan tantanali kutib olindi. Aeroportda milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar ijro etildi. Ikki davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi. Harbiy orkestr tomonidan davlat madhiyalari yangradi.
O‘qituvchilar pedagogik etika me’yorlariga qat’iy amal qilish zarur — maktabgacha va maktab ta’limi vaziri

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova ta’lim muassasalari xodimlariga murojaat bilan chiqdi. Unda pedagoglarning mas’uliyati va bolalarga munosabat masalasi alohida ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda har bir pedagog zimmasiga katta vazifa yuklatilgan. Ularning kasbiy faoliyati nafaqat bilim berish, balki bolalarning shaxs sifatida shakllanishiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bolalarning o‘ziga ishonchi va hayotga qarashi ham aynan ta’lim jarayonida shakllanadi.
2040-yilga borib elektromobillar bozorni to‘liq egallaydi — ekspert

Xitoylik yetakchi mutaxassis Ouyang Minggaoning prognoziga ko‘ra, 2040-yilga borib sof elektromobillar bozorda mutlaq ustunlikka ega bo‘ladi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Pekin shahrida o‘tkazilgan forumda so‘zga chiqqan ekspert hozirgi bosqichda plug-in gibrid va uzaytirilgan yurish zaxirasiga ega modellarning ahamiyati pasayib borayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, sof elektr transport eng samarali texnologiya hisoblanadi.
Eronda Oyatulloh Xomanaiy uchun 40 kunlik motam yakunlandi

Eronda sobiq oliy rahbar Oyatulloh Xomanaiy vafoti munosabati bilan e’lon qilingan 40 kunlik umumxalq motami yakunlandi. Bu haqda IRIB xabar berdi.
Motam tugashi bilan Mashhad shahridagi Imom Rizo maqbarasi ustiga yashil bayroq o‘rnatildi. Motam davomida ushbu maskan ustida qora bayroq hilpirab turgan edi.
O‘zbekistonda xonandalar qancha soliq to‘lagan

Adliya vazirligining ma’lum qilishicha, 2024-yilda 2 ming nafar xonanda soliq deklaratsiyasi topshirgan va ularga jami 1,1 mlrd so‘m soliq hisoblangan. Bu bir ijrochiga o‘rtacha 544,5 mingdan so‘m to‘g‘ri keladi.
2025-yilda esa deklaratsiya topshirganlar soni 305 nafarga tushib ketgan. Ularga jami 154 mln so‘m soliq hisoblangan bo‘lib, o‘rtacha 505,6 ming so‘mni tashkil qilgan. Vazirlik jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni soliqqa tortish tizimini soddalashtirishga oid qaror loyihasi 16 ming marta ko‘rilganini qayd etgan.
Hormuz bo‘g‘ozidan nechta kema o‘tdi

AQSh va Eron o‘rtasida sulh tuzilganidan beri atigi 19 ta kema Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tgani ma’lum qilindi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Mojaro boshlanishidan oldin esa mazkur ko‘rsatkich kuniga o‘rtacha 138 tani tashkil etardi. Bu yuk tashish hajmining keskin kamayganini anglatadi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston savdo hajmi 10 mlrd dollarga yetkaziladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalarining savdo hajmi 10 mlrd dollarga yetkaziladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev uchrashuvida qayd etildi.
Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv boshida Mirziyoyev Qozog‘iston prezidentini yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.
Andijonda qariyb 1 kg gashishning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi

Andijon viloyatida qariyb 1 kg gashishning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda «O‘zbekiston24» telekanalida ma’lum qilindi.
Paxtaobod tumanida o‘tkazilgan operatsiya davomida oldindan shubha ostiga olingan Spark avtomobili to‘xtatilib, transport vositasi xolislar ishtirokida tekshirilgan. Tekshiruv jarayonida avtomobilda yo‘lovchi bo‘lib ketayotgan 1995-yilda tug‘ilgan fuqaroning yonida polietilen paket borligi aniqlangan.
Mirziyoyev va Toqayev Buxoro viloyati hokimligining zamonaviy situatsion markaziga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev Buxoro viloyati hokimligining zamonaviy situatsion markaziga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur markaz hududiy boshqaruvning yangi modeli asosida tashkil etilgan. Unda turli idoralar faoliyati yagona platformada jamlangan. Bu qaror qabul qilishni tezlashtirish va muammolarni samarali hal etishga xizmat qiladi.