
Xitoyda Zeekr kompaniyasi tomonidan Zeekr 007 sedani va 7 GT universalining yangilangan versiyasi taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Yangilangan avtomobillar 203 900 yuan, ya’ni taxminan $28,1 mingdan sotuvga chiqdi. Cheklangan muddatda esa narx 193 900 yuangacha tushirildi. Bu esa taxminan $26,7 mingni tashkil etadi.

Asosiy yangiliklardan biri 900V elektr arxitekturasining joriy etilishi bo‘ldi. Shu tufayli avtomobil atigi 10 daqiqada 10 foizdan 80 foizgacha zaryad ola oladi. Bu segmentdagi eng tez ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Model ikki xil batareya bilan taklif etiladi. Eng katta batareya bilan maksimal yurish zaxirasi 905 kmga yetadi. Bu esa uzoq masofalarda ham qulaylik yaratadi.

Kuchli versiyada avtomobil 585 kW quvvat beradi va 0 dan 100 km/soatgacha 2,73 soniyada tezlashadi. Orqa yetakli variantlarda esa quvvat 370 kWni tashkil etadi. Ichki qism ham yangilandi. Avtomobil 35,5 dyuymli proyeksiya displey, katta markaziy ekran va sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv tizimi bilan jihozlandi.
Xavfsizlik tizimlari ham kuchaytirildi. Modelda bir nechta xavfsizlik yostiqchalari va avtomatik to‘xtash tizimi mavjud.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Zeekr 8X avtomobili qachon taqdim etilishi haqida yozgan edi.