
Ilon Maskka tegishli XChat messenjeri alohida ilova sifatida iOS qurilmalari uchun joriy yilning 17-aprel kuni taqdim etilishi kutilmoqda.
XChat sahifasi AppStore do‘konida paydo bo‘lgan, biroq ilovani hozircha yuklab olish imkonsiz. Dasturchilar tomonidan rasmiy bayonot berilmagan, shuningdek, messenjerning Android qurilmalari uchun qachon chiqishi ham noma’lumligicha qolmoqda.
Messenjerning asosiy xususiyatlari qatoriga standart E2E shifrlash, o‘chib ketuvchi xabarlar, videoqo‘ng‘iroqlar, guruh chatlari va skrinshot qilishni bloklash funksiyalari kiradi. Ushbu imkoniyatlar ilovaning X tarmog‘i ichidagi versiyasida ham mavjud bo‘lgan.
Ishlab chiquvchilar XChat dasturini maxfiy messenjer sifatida taqdim etmoqda. Shunga qaramay, AppStore sahifasida ilova foydalanuvchining ko‘plab ma’lumotlariga, jumladan, geolokatsiya, qidiruv tarixi va kontaktlarga kirish ruxsatini so‘rashi ko‘rsatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Filippin Telegram messenjerini bloklash masalasini muhokama qilayotgani haqida xabar bergan edi.