Yangiliklar

Olimlar bir million marta tezroq quvvat oluvchi ilk kvant batareyasini yaratishdi

Ushbu yangi prototip femtosekundlarda quvvatlanib, saqlangan energiyani nanosekundlarda sarflaydi
Foto: csiro.au

Avstraliyaning bir qator ilmiy muassasalari tadqiqotchilari lazer yordamida simsiz quvvatlanuvchi dunyodagi ilk kvant batareyasi prototipini yaratishdi. Yangi qurilma o‘zining quvvatsizlanish muddatiga nisbatan bir million marta tezroq quvvat olish xususiyatiga ega.

Loyiha ustida Avstraliya kosmik agentligi, CSIRO, RMIT hamda Melburn universiteti olimlari ish olib borgan. Hozirgi prototipning sig‘imi taxminan 5 mlrd elektron voltni tashkil etadi va bu ko‘rsatkich amaliy foydalanish uchun o‘ta kam hisoblanadi. Shunga qaramay, mazkur ixtiro kvant energiyasini saqlash sohasida nazariyaning ishlashini isbotlovchi muhim yutuq sifatida baholanmoqda.

Foto: csiro.au

Oddiy batareyalarda hajm oshgani sari quvvatlanish vaqti uzaysa, kvant batareyalarida bu jarayon aksincha yuz beradi. Tizim yorug‘likni yagona «super yutilish» (super absorption) holatida qabul qiladi, bu esa hujayralar ko‘paygani sari quvvatlanish tezligini oshiradi.

Kelajakda to‘liq ishlaydigan kvant batareyalari dronlarni parvoz vaqtida lazerlar orqali quvvatlantirishi yoki elektromobillar sanoatida tub burilish yasashi taxmin qilinmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Google yangi kvant chipini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.