Sport

O‘zbekiston terma jamoasining Atlantadagi bazasi qanday ko‘rinishda — foto

Milliy jamoaning Jahon chempionati uchun tanlagan o‘quv-mashg‘ulot qarorgohi Atlantadagi maxsus tayyorgarlik markazida joylashgan
Foto: atlutd.com

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati doirasida Atlanta shahrini o‘zining asosiy bazasi etib belgiladi. Jamoa a’zolari Mariettadagi Atlanta United Children’s Healthcare markazida mashg‘ulotlar olib boradi.

Markaz 13.3 gektar hududni egallagan bo‘lib, 2017-yilda $60 mln evaziga qurib bitkazilgan. Yaqinda amalga oshirilgan $25 mlnlik kengaytirish ishlaridan so‘ng majmuaga kiritilgan umumiy sarmoya miqdori $85 mlndan oshdi. Baza hozirda Shimoliy Amerikadagi eng nufuzli va zamonaviy futbol bazalaridan biri hisoblanadi.

Foto: WM Events

FIFA reytingida 50-o‘rinni egallab turgan «Oq bo‘rilar» jahon chempionatining dastlabki ikki o‘yinini Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalariga qarshi mos ravishda Mexiko hamda Xyuston shaharlarida o‘tkazadi. Shundan so‘ng, 27-iyun kuni Atlanta shahridagi «Mercedes-Benz» stadionida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi maydonga tushadi.

Ushbu stadionda o‘ynaydigan jamoalar ichida aynan O‘zbekiston o‘z qarorgohi sifatida Atlantani tanlagan birinchi jamoa bo‘ldi. Ayni paytda boshqa ishtirokchilar, xususan, Ispaniya terma jamoasi o‘z yig‘inlarini qo‘shni Tennesi shtatidagi Chattanuga shahrida o‘tkazishni rejalashtirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan JCh doirasida O‘zbekiston – Kolumbiya o‘yini chiptalari «ikkinchi qo‘lda» 16 ming dollargacha sotilayotgani haqida xabar bergan edi.