
Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llashni liberallashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Unga ko‘ra, bugungi kunda moliyaviy jarimalarni qo‘llash amaliyotida tadbirkorlar uchun ayrim muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Xususan, jarimalarning bir qismi vakolatli organlar, qolgan qismi esa sudlar tomonidan qo‘llanilishi sud nazoratini kuchaytirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Shu munosabat bilan 2026-yil 1-oktabrdan boshlab moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantiruvchi yangi va yagona tartib joriy etish taklif qilindi. Unga ko‘ra, tadbirkorlik subyekti vakolatli organ qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini to‘lasa, qolgan qismi undirilmaydi.
Shuningdek, jarimani olti oy davomida teng ulushlarda bo‘lib to‘lash imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda, bunda bir oy ichida jarimaning oltidan bir qismi to‘langan taqdirda ushbu tartib avtomatik ishga tushadi.
Taqdimotda sud nazoratini kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Vakolatli organ qarori sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan hollarda undirilgan mablag‘larni 15 kun ichida qaytarish, kechikish holatlarida esa Markaziy bank asosiy stavkasi asosida foiz hisoblash mexanizmini joriy qilish taklif etildi.
Bundan tashqari, jarimalar tizimini raqamlashtirish va «Yagona davlat nazorati» axborot tizimida elektron reyestr yaratish, qarorlarni elektron raqamli imzo bilan tizimga kiritish hamda mobil ilova orqali monitoring va onlayn to‘lov joriy etish rejalashtirilmoqda. Tadbirkorlar shaxsiy kabinet orqali qaror ustidan onlayn shikoyat berishi va shikoyat kiritilishi bilan ijro avtomatik to‘xtatilishi ham nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yangi MHMS hujjati ro‘yxatdan o‘tkazilgan edi.