2025-yilda 419 nafar xonanda 219,6 mln so‘m daromad solig‘i to’lagan

eʼlon qilindi
Har bir xonandaga o‘rtacha 524 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi
2025-yilda 419 nafar xonanda 219,6 mln so‘m daromad solig‘i to’lagan / Foto: YouTube

Konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 419 nafar xonanda 2025-yil davomida olgan daromadlari bo‘yicha soliq deklaratsiyasini taqdim etdi. Natijada 219,6 mln so‘m daromad solig‘i hisoblandi.

O‘tgan yili Soliq qo‘mitasi tomonidan «Konsert-tomosha faoliyati» xizmati doirasida Soliq mobil ilovasi orqali soliq deklaratsiyalarini yuborish imkoniyati yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilingan edi. Ushbu tizim xonandalarga o‘z yillik daromadlari bo‘yicha deklaratsiyani elektron shaklda soliq organlariga taqdim etish imkonini beradi, bu esa jarayonni ancha soddalashtiradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, agar xonanda deklaratsiyani mustaqil to‘ldira olmasa, u mobil ilova orqali o‘z administratoriga tegishli ruxsat berishi mumkin. Bu esa hujjat topshirish jarayonini tezlashtirib, ortiqcha byurokratik jarayonlarni kamaytiradi.

Jarayon Oʻzbekkonsert ma’lumotlar bazasining soliq organlari axborot tizimi bilan integratsiya qilinishi natijasida yanada soddalashtirilgan. Natijada, konsert-tomosha faoliyati litsenziyasiga ega 419 nafar xonanda 2025-yil daromadlari bo‘yicha soliq deklaratsiyasini taqdim etgan.

Taqdim etilgan deklaratsiyalarga ko‘ra, jami 2,3 mlrd so‘m daromad ko‘rsatilgan bo‘lib, 1,8 mlrd so‘m soliqqa tortiladigan baza asosida 219,6 mln so‘m daromad solig‘i hisoblangan. Shuningdek, daromadlar turli diapazonlarga bo‘lingan holda qayd etilib, eng katta qism 10 mln so‘mgacha daromad ko‘rsatgan guruhga to‘g‘ri kelgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024-yilda 2 ming nafar xonanda soliq deklaratsiyasi topshirgan va ularga jami 1,1 mlrd so‘m soliq hisoblangan edi. Bu bir ijrochiga o‘rtacha 544,5 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.

Shuningdek