Yangiliklar

2025-yilda uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 15,8 foizga o‘sdi — Markaziy bank

Bozordagi faollikni ipoteka kreditlari ham qo‘llab-quvvatlamoqda
2025-yilda uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 319,5 mingtaga yetdi — Markaziy bank
Foto: Pexels

Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan ko‘chmas mulk bozori tahliliga ko‘ra, 2025 yilda uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 319,5 mingtaga yetdi. Bu 15,8 foizlik o‘sishni anglatadi.

Eng yuqori o‘sish Buxoro, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, Toshkent shahri va Toshkent hamda Farg‘ona viloyatlarida ham barqaror o‘sish kuzatildi. O‘tgan yilning so‘nggi choragida 89,7 mingga bitimlar imzolangan.

Manba: Markaziy bank

Bozordagi faollikni ipoteka kreditlari ham qo‘llab-quvvatlamoqda. 2025-yilda ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 29 foizga oshib, 21,2 trln so‘mni tashkil etdi. Uy-joy bitimlarida ipoteka ulushi 22 foizga yetdi. Aholi daromadlarining oshishi ham muhim omil bo‘ldi. IV chorakda real daromadlar o‘sishi 9,2 foizni tashkil etdi. Bu esa uy-joy xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirdi.

Qurilish sohasida ham o‘sish davom etmoqda. 2025-yilda foydalanishga topshirilgan uy-joylar umumiy maydoni 15,9 mln kv metrga yetdi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 7,2 foizga ko‘p. Yangi uy-joylar qurilishida Xorazm, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari yetakchi bo‘ldi. Bu esa hududlarda uy-joy ta’minoti yaxshilanayotganini ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda 60 mingdan ortiq yonilg‘i kartalari faollashtirilgani haqida yozgan edi.