
Prezident farmoni bilan 500 nafar xorijlik talaba uchun «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» dasturi ishga tushiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Bu mablag‘lar oliy ta’lim muassasalarida to‘ldirilmagan grant o‘rinlari hisobidan shakllantiriladi. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab xorijiy talabalarni qabul qilish jarayoni ham yangilanadi. Endi ular Study in Uzbekistan platformasi orqali hujjat topshirishi mumkin bo‘ladi.
Farmonga ko‘ra, Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi negizida yangi markaz tashkil etiladi. Endilikda u Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi sifatida faoliyat yuritadi. Yana bir muhim o‘zgarish, xorijiy til asosida ta’lim olgan talabalar uchun joriy etiladi. Ular keyingi bosqichga hujjat topshirishda til sertifikatini taqdim etishdan ozod qilinadi.
Farmon doirasida yangi tuzilmalar ham tashkil etiladi. Jumladan, raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi ish boshlaydi. Shuningdek, yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida ofis tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» tanlovi g‘oliblarining ustozlariga 41 million so‘mgacha mukofot puli berilishi haqida yozgan edi.