
Apple kompaniyasi o‘zining ilk «aqlli» ko‘zoynaklar uchun bir nechta dizayn variantlarini sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Apple «aqlli» ko‘zoynaklarni 2027-yilda sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda. Ularning ilk taqdimoti esa joriy yil oxirida bo‘lib o‘tishi mumkin.
Kompaniya hozirda to‘rtta turli dizaynni sinovdan o‘tkazmoqda. Ular orasida katta to‘rtburchak ramka, yupqaroq to‘rtburchak shakl (Tim Kuk taqadigan ko‘zoynakka o‘xshash), katta oval yoki yumaloq ramka hamda kichikroq oval yoki yumaloq ramka variantlari mavjud. Shuningdek, qurilmalar uchun qora, okean ko‘k va och jigarrang ranglar ham ko‘rib chiqilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu qurilmalar Apple’ning ilgari rejalashtirilgan keng ko‘lamli aralash va kengaytirilgan reallik qurilmalari strategiyasiga nisbatan soddaroq bo‘ladi. Avvalgi reja mahsulotlar kechikishi va Vision Pro qurilmasining kutilgan darajada ommalashmagani sabab qiyinchiliklarga uchragan.
Yangi «aqlli» ko‘zoynaklar funksional jihatdan Meta kompaniyasining Ray-Ban bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan qurilmalariga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Ular displeysiz bo‘lib, foydalanuvchilarga surat va video olish, qo‘ng‘iroqlarga javob berish, musiqa tinglash hamda yangilangan Siri orqali boshqarish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta aqlli ko‘zoynaklari ovqatlanishni ham kuzatishi haqida yozgan edik.