Yangiliklar

Buxgalterlar uchun yangilik: yangi MHMS hujjati ro‘yxatdan o‘tkazildi

Hujjat yuridik shaxslar uchun mo‘ljallangan
Buxgalterlar uchun yangilik: yangi MHMS hujjati ro‘yxatdan o‘tkazildi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

O‘zbekistonda «Moliyaviy hisobotlarni tayyorlash asoslari: hisob siyosati va hisob baholari» nomli 2-sonli MHMS bo‘yicha idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mazkur hujjat yuridik shaxslar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar hamda budjet tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.

Hujjatda moliyaviy hisobotlarni tayyorlash asoslari hamda bir qator muhim masalalar tartibga solingan. Jumladan, hisob siyosatini tanlash va qo‘llash, hisob siyosati va hisob baholaridagi o‘zgarishlarni aks ettirish, shuningdek, oldingi davr xatolarini tuzatish tartiblari belgilab berilgan.

Ta’kidlanishicha, hisob siyosati tashkilot tomonidan moliyaviy hisobotlarni tayyorlash va taqdim etishda qo‘llaniladigan tamoyillar, asoslar, qoidalar va amaliy yondashuvlar majmuasini anglatadi. U ikki xil usulda qo‘llanishi mumkin: retrospektiv va perspektiv. Retrospektiv qo‘llashda yangi hisob siyosati go‘yoki doim qo‘llanib kelgandek barcha avvalgi operatsiyalarga tatbiq etiladi. Perspektiv qo‘llashda esa yangi siyosat faqat o‘zgartirish kiritilgan sanadan keyingi operatsiyalarga nisbatan qo‘llanadi hamda o‘zgarish ta’siri joriy va kelgusi davrlarda tan olinadi.

Shuningdek, hujjatda hisob siyosatini o‘zgartirish mumkin bo‘lgan holatlar ham aniq ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, tegishli MHMS talablariga muvofiq yoki kiritilgan o‘zgarishlar tashkilotning moliyaviy holatini yanada ishonchli aks ettirishga xizmat qilgan taqdirda hisob siyosatini yangilash mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalarni tan olish va nostrifikatsiya qilish bo‘yicha yangi ma’muriy tartib tasdiqlangan edi.