
Chery va Jaguar Land Rover hamkorligida ishlab chiqilgan yangi Freelander SUV ishlab chiqarish bosqichiga yaqinlashdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Brend vakillari avtomobil qishki sinov bosqichini yakunlaganini tasdiqladi. Bu esa modelning 2026-yilning ikkinchi yarmida bozorga chiqishi oldidan muhim bosqich hisoblanadi. Sinov jarayonida olingan suratlarda avtomobil hali to‘liq ochilmagan holda ko‘rinadi. Dizayni avval taqdim etilgan Concept 97 modeliga yaqin. SUV an’anaviy Land Rover uslubiga xos kvadrat shakl va tekis tom chizig‘iga ega.

Yangi model dastlab Xitoy bozorida taqdim etiladi. Keyinchalik esa global bozorlarga chiqishi rejalashtirilgan. Kompaniya kelgusi besh yil ichida oltita yangi model chiqarishni maqsad qilgan. Freelander yangi energiya manbalariga asoslangan alohida brend sifatida 31-mart kuni taqdim etilgan edi. Loyiha doirasida Chery mahsulot texnologiyasi va ishlab chiqarish jarayoniga mas’ul bo‘lsa, Jaguar Land Rover dizayn va brend yo‘nalishini ta’minlaydi.
Avtomobil zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanadi. Unda Huawei’ning aqlli haydov tizimi, lidar sensor va Qualcomm’ning yangi avtochipi qo‘llaniladi. Shuningdek, batareya texnologiyasi CATL bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda.

Freelander SUV 2025-yil yozidan boshlab sinovdan o‘tkazilmoqda. Qisqa vaqt ichida ishlab chiqarish modeliga yaqinlashgani loyiha tez sur’atda rivojlanayotganini ko‘rsatadi. To‘liq texnik tafsilotlar iyun oyida e’lon qilinishi, model esa 2026-yilning ikkinchi yarmida rasman taqdim etilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery Tiggo 9 Qozog‘istonda qariyb 17 ming dollarga arzonlagani haqida yozgan edi.