
Qishloq xo‘jaligi yerlaridan, xususan dala chetlaridan samarali foydalanishda belgilangan maydonlarda maqbul ekin ekilmagan taqdirda jarimalar qo‘llanadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, ikkilamchi ijara asosida foydalanilayotgan qishloq xo‘jaligi yerlarining dala chetlari, kanal, sug‘orish hamda kollektor-drenaj tarmoqlari atrofida belgilangan maydonlarda o‘z vaqtida maqbul ekinlar ekilmasa 1 BHMdan 3 BHMgacha (1,236 mln so‘mgacha) jarima qo‘llaniladi.
Shuningdek, o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi har yili 1-mayga qadar maqbul ekin ekilmagan yer uchastkalari va ularning egalari haqida ma’lumotni davlat soliq organlariga elektron tarzda taqdim etadi.
Ushbu ma’lumot asosida maqbul ekin ekilmagan yerlar uchun yer solig‘i 3 baravar oshirilgan stavkada hisoblanadi.
Ushbu qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilib, ular rasmiy e’lon qilinganidan so‘ng 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimi yangi tartibga o‘tkazilishi haqida yozgandi.