
AQSh prezidenti Donald Tramp Rim papasi Leo XIV ning Eron urushi bo‘yicha pozitsiyasini qoralab, «u tashqi siyosat uchun dahshatli» ekanini ta’kidladi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Tramp 12-aprel kungi bayonotida papani Eronning yadro quroliga ega bo‘lishiga e’tiroz bildirmaslikda aybladi. U, shuningdek, papani Venesuela inqiroziga aralashganlikda va jinoyatchilikka nisbatan zaiflikda ham aybladi.
«Biz yadro quroli bo‘lishini normal holat deb hisoblaydigan papani yoqtirmaymiz… Men papa Leoning muxlisi emasman», — dedi prezident.
13-aprel kuni Afrikaga parvoz qilayotgan papa Leo Tramp ma’muriyatidan qo‘rqmasligini bildirdi. Papa o‘tgan haftada AQShning Eronga nisbatan tahdidlarini «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan» holat deb atagan edi.
«Biz siyosatchi emasmiz, biz tashqi siyosat bilan u tushunadigan nuqtai nazardan shug‘ullanmaymiz. Ammo menda tinchlikparvar sifatida xushxabarga ishonch bor», — dedi u.

Vatikan rasmiysi Antonio Spadaro Trampning so‘zlarini papaga qarshi «ojizlik deklaratsiyasi» deb baholadi. Siyosiy mojaro fonida AQSh prezidenti o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan, o‘zini Iso payg‘ambar kabi tasvirlagan va bemorni davolayotgan soxta suratini e’lon qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rim papasi Trampni Eron urushi masalasida tanqid qilgani haqida xabar bergan edi.