Yangiliklar

Eron Tramp tahdidiga javoban neft narxi keskin qimmatlashishini ma’lum qildi

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi muzokaralar deyarli kelishuv bilan yakunlanishi mumkin bo‘lganini aytgan
Eron Tramp tahdidiga javoban neft narxi keskin qimmatlashishini qayd etdi
Foto: Pexels

AQSh prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini blokada qilish qarorini e’lon qilganidan so‘ng Eron bu harakat global yonilg‘i narxlariga jiddiy ta’sir qilishidan ogohlantirdi. Brent markali neft narxi $102 dan qimmatlagan.

AQSh harbiylari 13-aprel kuni soat 10:00 dan boshlab bo‘g‘ozda kemalar harakatini cheklashni rejalamoqda. Bu qaror Eron bilan Islomobodda o‘tgan muzokaralar natijasiz yakunlangach qabul qilingan.

Eron parlamenti spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibaf blokadaga kinoyali munosabat bildirdi.

«Hozirgi benzin narxidan bahramand bo‘ling, tez orada $4-5 lik benzinni ham sog‘inasiz», – degan u.

Foto: Google ekran tasviri

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi muzokaralar deyarli kelishuv bilan yakunlanishi mumkin bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi bosqichda tomonlar o‘rtasida keskin tafovutlar yuzaga kelgan.

«Biz kelishuvga juda yaqin edik. Ammo blokada va o‘yin qoidalarining o‘zgarishi vaziyatni izdan chiqardi», – deya qayd etgan vazir.

Bo‘g‘oz atrofidagi keskinlik fonida neft narxi keskin oshdi. 12-aprel kuni bir barrel neft $100 dan oshdi. Brent narxi bir kunda 8 foizga ko‘tarildi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini bloklashni buyurgani haqida yozgan edi.