Fanlar akademiyasiga tegishli yerning 190 gektari “Toza havo” loyihasiga berildi

eʼlon qilindi
Poytaxtda ekologik muhitni yaxshilash va yashil hududlarni kengaytirish maqsadida
Fanlar akademiyasiga tegishli yerning 190 gektari «Toza havo» loyihasiga berildi / Foto: Jinr.ru

Toshkent shahar hokimi qarori bilan Fanlar akademiyasiga tegishli 190 gektar yer Toshkentda «Toza havo» loyihasi doirasida dendrologiya bog‘iga aylantiriladi. Qaror Adliya vazirligi rasmiy sahifasida e’lon qilindi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan Mirzo Ulug‘bek tumani, Ulug‘bek shaharchasida joylashgan 190 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga ixtiyoriy ravishda topshirildi. Ushbu yer keyinchalik shahar hokimligi tasarrufiga o‘tkazilib, bo‘sh yer uchastkasi sifatida qayd etildi.

Mazkur qaror prezidentning 2026-yil 25-martdagi «Toza havo» umummilliy loyihasini amalga oshirishga oid farmoni ijrosi doirasida qabul qilingan. Ushbu farmonga muvofiq, Toshkentda ekologik holatni yaxshilash va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi.

Rejaga ko‘ra, ushbu hududda Milliy denrologiya bog‘i barpo etilib, u «Toza havo» dasturi doirasidagi yirik ko‘kalamzorlashtirish loyihalaridan biri bo‘ladi. Bog‘da tuproq va iqlim sharoitiga mos daraxt hamda buta turlari tanlanib, maxsus loyiha asosida ekish ishlari olib boriladi.

Foto: Google Xarita

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha uchun zarur loyiha-hujjatlarini tayyorlash va ekiladigan o‘simlik turlarini belgilash Ekologiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, moliyalashtirish davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan ta’minlanadi.

Toshkentda yashil hududlar hajmini oshirish dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Hozirda poytaxtda 893 gektar jamoat bog‘lari mavjud bo‘lsa-da, bir kishiga to‘g‘ri keladigan yashil maydon miqdori me’yoriy 17–19 kvadrat metr o‘rniga atigi 2 kvadrat metrni tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, respublika bo‘yicha 2028-yilgacha 12 ta botanika bog‘i va 16 ta denrologiya bog‘ini tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, bu ko‘kalamzorlashtirish darajasini sezilarli oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start bergan edi.

Shuningdek