Fuqarolar Haj safariga «tezkor jo‘natish» haqidagi firibgarlik e’lonlaridan ogohlantirildi

eʼlon qilindi
haj
O‘zbekistonda Haj ibodatini tashkil etish qat’iy tartib asosida amalga oshiriladi
Foto: Uzbekistan Airports

O‘zbekiston musulmonlari idorasi fuqarolarga murojaat qilib, Haj safarini tashkil etish bilan bog‘liq so‘nggi paytlarda ko‘payib borayotgan shubhali reklama va e’lonlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Qayd etilishicha, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda «arzon Haj», «tezkor jo‘natish», «navbatsiz Haj» kabi va’dalar bilan chiqayotgan takliflar orasida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydiganlari ko‘p uchramoqda.

O‘zbekistonda Haj ibodatini tashkil etish qat’iy tartib asosida amalga oshiriladi va bu jarayon faqat vakolatli davlat tashkilotlari zimmasiga yuklatilgan. Ushbu tizim orqali ziyoratchilar uchun Saudiya Arabistonidagi tegishli idoralar bilan rasmiy shartnomalar tuziladi hamda mehmonxona, transport, oziq-ovqat va boshqa zarur xizmatlar kompleks tarzda ta’minlanadi. Eng muhimi, bu tartib ziyoratchilarning xavfsizligi va ibodatni to‘liq ado etishini kafolatlaydi.

Shu bilan birga, idora norasmiy yo‘llar orqali Haj safarini tashkil etishni taklif qilayotgan shaxs va guruhlardan ogoh bo‘lish zarurligini alohida qayd etdi. Bunday yo‘llar bilan safarga chiqqan fuqarolar muqaddas joylar – Mino, Arafot va Muzdalifada ibodat qilish imkonidan mahrum bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, qonun talablarini buzganlik uchun ular deportatsiya qilinishi yoki katta miqdorda jarimaga tortilishi ehtimoli ham yuqori.

Shuningdek, ayrim firibgarlar fuqarolardan oldindan pul olib, soxta hujjatlar yoki yolg‘on va’dalar orqali ularni aldash holatlari ham uchrashi mumkinligi ta’kidlandi. Shu bois Haj safariga chiqishni rejalashtirayotgan fuqarolarga faqat rasmiy manbalarga tayanish, litsenziyasiz xizmat ko‘rsatuvchilarga murojaat qilmaslik tavsiya etildi.

Avvalroq «Kursiv» nashri 170 dan ortiq o‘zbekistonlik Umradan qayta olmayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek