Yangiliklar

Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnes rekordlar kitobiga kirdi

Dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi sifatida
Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari qancha
Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnes rekordlar kitobiga kirdi / Foto: President.uz

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro miqyosda eng yirik Islom sivilizatsiyasiga oid muzey sifatida e’tirof etilib, Ginnes rekordlar kitobiga kirdi. Bu haqda markaz rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

2026-yil 13-aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan tantanali marosimda Guinness World Records rasmiy vakili va hakami Sheyda Subashi markazga ushbu nufuzli unvonni topshirdi hamda uning xalqaro standartlarga to‘liq javob berishini tasdiqladi. Tadbirda loyiha ustida ishlagan me’morlar, olimlar, dizaynerlar va quruvchilar ham ishtirok etdi.

Foto: Islom sivilizatsiyasi markazi

Marosim davomida Sheyda Subashi muzeyni baholash jarayoni belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq amalga oshirilganini ta’kidlab, rasmiy logbuk orqali har bir eksponat qayd etilganini va islom arxeologiyasi, san’ati hamda fani bo‘yicha mutaxassislar tomonidan tasdiqlanganini qayd etdi.

Islom sivilizatsiyasi markazi Shavkat Mirziyoyevning mualliflik megaloyihasi sifatida 2017-yilda boshlangan va 2026-yil 17-martda yakunlangan yirik ilmiy-ma’rifiy majmua hisoblanadi. U «Yangi O‘zbekiston» g‘oyasi doirasida madaniy meros, ilmiy salohiyat va zamonaviy texnologiyalarni yagona makonda birlashtirgan markaz sifatida barpo etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari haqida yozgan edik.