Kontrakt pulining 12 foizini qanday qaytarib olish mumkin — qo‘llanma

O‘zbekistonda ko‘pchilik bilmaydigan, ammo juda foydali imkoniyatlardan biri – kontrakt to‘lovining bir qismini qaytarib olish. Agar siz universitetda o‘qish uchun pul to‘lagan bo‘lsangiz, davlat tomonidan beriladigan soliq imtiyozi orqali ushbu summaning 12 foizigacha qismini qaytarib olishingiz mumkin.
Kursiv Uzbekistan ushbu qo‘llanma bilan kontrakt to‘lovining bir qismini qaytarib olishda sizga yaqindan yordam beradi.
Ushbu maqolada siz quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:
- Imtiyoz qanday ishlaydi
- Qancha pul qaytariladi
- Kimlar ushbu imkoniyatdan foydalana oladi
- Hujjatlar nega muhim
- Qanday qilib qaytarib olish mumkin
- Muddatni o‘tkazib yubormang
- my.gov.uz portali orqali hujjat topshirish
Imtiyoz qanday ishlaydi
Mazkur tizimning mohiyati shundaki, ta’lim uchun sarflangan mablag‘lar soliqqa tortilmaydi. Ya’ni siz rasmiy ishlasangiz va ish haqingizdan daromad solig‘i ushlab qolinsa, kontrakt uchun to‘lagan pulingiz shu soliqqa tortiladigan daromaddan chiqarib tashlanadi.
Natijada avval ushlab qolingan soliq qayta hisoblanadi va ortiqcha to‘langan qismi sizga qaytariladi. Bu aslida davlat tomonidan beriladigan qo‘shimcha pul emas, balki sizning o‘zingiz to‘lagan soliqning qaytarilgan qismidir.
Qancha pul qaytariladi
Qaytariladigan summa oddiy formula asosida aniqlanadi: kontrakt summasining 12 foizi. Masalan, agar siz yil davomida 20 million so‘m kontrakt to‘lasangiz, 2,4 million so‘mgacha mablag‘ni qaytarib olishingiz mumkin.
Biroq bu yerda muhim shart mavjud: sizga faqat daromadingizdan ushlab qolingan soliq miqdorigacha pul qaytariladi. Agar sizdan kamroq soliq ushlangan bo‘lsa, qaytadigan summa ham shunga mos bo‘ladi.
Kimlar ushbu imkoniyatdan foydalana oladi
Soliq imtiyozi quyidagi holatlarda qo‘llanadi: fuqaro o‘zining o‘qishi uchun to‘lov qilganda, farzandi uchun kontrakt to‘laganda yoki turmush o‘rtog‘i ta’limi uchun mablag‘ ajratganda. Boshqa qarindoshlar uchun amalga oshirilgan to‘lovlar ushbu imtiyoz doirasiga kirmaydi.
Shuningdek, ta’lim muassasasi rasmiy bo‘lishi, ya’ni litsenziyaga ega davlat yoki nodavlat oliy o‘quv yurti bo‘lishi shart.
Hujjatlar nega muhim
Amaliyotda eng ko‘p rad etilish sababi – hujjatlar bilan bog‘liq xatolar. Kontrakt shartnomasi, to‘lovni tasdiqlovchi kvitansiya yoki bank o‘tkazmasi va daromad haqidagi ma’lumotlar bir-biriga mos bo‘lishi kerak.
Ayniqsa, to‘lovni kim amalga oshirgani muhim. Agar kontrakt talaba nomida bo‘lib, to‘lovni boshqa shaxs qilgan bo‘lsa, soliq imtiyozini rasmiylashtirishda muammo yuzaga kelishi mumkin. Shu sababli barcha hujjatlar yagona shaxs nomiga mos bo‘lishi zarur.
Qanday qilib qaytarib olish mumkin
Kontrakt pulining bir qismini qaytarib olishning ikki asosiy yo‘li mavjud. Agar siz hali ishlayotgan bo‘lsangiz va kontrakt to‘lovi joriy yilga to‘g‘ri kelsa, uni ish beruvchi orqali rasmiylashtirish mumkin. Bu holatda sizga pul alohida qaytarilmaydi, biroq ish haqingizdan kamroq soliq ushlab qolinadi va natijada ko‘proq maosh olasiz.
Agar soliq allaqachon ushlab qolingan bo‘lsa, unda yillik daromad deklaratsiyasini topshirish orqali mablag‘ni qaytarib olish mumkin. Buning uchun my.gov.uz portali orqali deklaratsiya to‘ldiriladi, kontrakt va to‘lov hujjatlari yuklanadi. Tizim avtomatik hisob-kitob qilib, ortiqcha to‘langan soliqni aniqlaydi. Shundan so‘ng ariza yuborilib, mablag‘ bank kartasiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, elektron imzo mavjud bo‘lsa, bu jarayonni my3.soliq.uz orqali ham amalga oshirish mumkin. Bu platforma orqali deklaratsiya topshirish va qaytarish jarayoni yanada tez va qulay bajariladi.
Muddatni o‘tkazib yubormang
Deklaratsiya topshirishning aniq muddati mavjud. Har bir yil uchun daromadlar keyingi yilning 1-apreliga qadar topshirilishi kerak. Masalan, 2025-yil uchun kontrakt to‘lovlari bo‘yicha deklaratsiya 2026-yil 1-aprelgacha taqdim etilishi lozim.
Agar bu muddat o‘tkazib yuborilsa, soliq organi arizani rad etishi yoki jarima qo‘llashi mumkin.
my.gov.uz portali orqali hujjat topshirish
Agar sizdan daromad solig‘i allaqachon ushlab qolingan bo‘lsa, uni qaytarib olishning eng qulay yo‘llaridan biri – my.gov.uz portali orqali deklaratsiya topshirish. Bu usulda siz ortiqcha to‘langan soliqni to‘g‘ridan to‘g‘ri bank kartangizga qaytarib olasiz.
1-qadam: Deklaratsiya topshirish
Avvalo, portalga kirib, yillik daromad deklaratsiyasini to‘ldirishingiz kerak bo‘ladi. Buning uchun:
- my.gov.uz saytiga kirasiz
- «Yillik daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya yuborish» xizmatini tanlaysiz.
Shundan keyin sizdan deklaratsiya turini tanlash so‘raladi. Bu yerda «Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya», hisobot turi sifatida «Hisob-kitob» variantlarini tanlaysiz va qaysi yil uchun topshirayotganingizni ko‘rsatasiz.
Keyingi bosqichda daromadlaringizni kiritasiz. Bu yerda asosiy ish joyingizdan olgan daromad, yil davomida hisoblangan umumiy summa, ushlab qolingan daromad solig‘i (JShDS) ko‘rsatiladi. Shundan so‘ng siz «Soliq imtiyozlari» bo‘limiga o‘tasiz.
2-qadam: Kontrakt imtiyozini kiritish
Endi eng muhim qism boshlanadi. «Soliq imtiyozlari» bo‘limida siz ta’lim uchun qilgan xarajatlaringizni qo‘shasiz.
Bu yerda Soliq kodeksining 378-moddasi 16.2-bandini tanlaysiz, o‘qigan universitetingizning STIRini kiritasiz, to‘lagan kontrakt summasini yozasiz, kontrakt va to‘lovni tasdiqlovchi hujjatlarni yuklaysiz. Shundan keyin tizim avtomatik tarzda hisob-kitob qiladi va sizga qancha soliq ortiqcha to‘langanini aniqlab beradi.
3-qadam: Pulni qaytarib olish
Deklaratsiya qabul qilingach, jarayon shu bilan tugamaydi. Siz hali pulni olish uchun alohida ariza berishingiz kerak.
Buning uchun «Jismoniy shaxslarning ortiqcha to‘langan soliq summalarini qaytarish» xizmatini tanlaysiz, bank kartangiz rekvizitlarini (karta raqami, MFO, hisob raqam) kiritasiz
va arizani yuborasiz.
Qachon pul tushadi?
Agar hamma hujjatlar to‘g‘ri bo‘lsa, odatda 15 ish kuni ichida pul kartangizga tushadi. Ba’zan tekshiruvlar sabab biroz cho‘zilishi mumkin, lekin ko‘p hollarda jarayon tez yakunlanadi.