Yangiliklar

Raqobat kuchayadi: McDonald’s yangi energetik va sovuq ichimliklar chiqaradi

Ushbu o‘zgarishlar joriy yil davomida amalga oshiriladi
Raqobat kuchayadi: McDonald’s yangi energetik va sovuq ichimliklar joriy etadi / Foto: Tripadvisor

McDonald’s AQShdagi restoranlarida sovuq ichimliklar menyusini kengaytirish doirasida Red Bull Dragonberry Energizer ichimligini joriy etmoqchi. Bu haqda deb WSJ’ga tayanib, Reuters xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi ichimliklar qatoriga Dirty Dr Pepper va Mango Pineapple Refresher ham kiritilgan bo‘lib, ular kelasi oydayoq sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan. Energetik ichimliklar esa avgust oyidan boshlab mijozlarga taqdim etilishi mumkin.

Shuningdek, kompaniya yangi ichimliklarni bozordagi asosiy raqobatchilar — Starbucks, Dutch Bros, Sonic va boshqa tarmoqlarga nisbatan pastroq narxda sotishni rejalashtirmoqda.

Iqtisodiy noaniqliklar kuchaygan bir paytda odamlarning xarid qobiliyati va xarajat qilish odatlari o‘zgarmoqda. Shu sababli kompaniya arzonroq va qulayroq mahsulotlar taklif qilish orqali narxga e’tibor beradigan mijozlarni o‘ziga jalb qilmoqchi.

Kompaniya $100 mlrdlik global ichimliklar bozorida ulushini oshirishni maqsad qilgan. Avvalroq CosMc’s konsepti orqali sinovdan o‘tkazilgan tajriba asosida McDonald’s 500 ga yaqin filialda yangi ichimliklarni test qilishni boshlagan.

McDonald’s ushbu ma’lumotlarni rasman tasdiqlamagan, Reuters agentligining izoh so‘roviga ham javob bermagan.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston 19 ta xorijiy davlatga 43,2 mln litr gazlangan ichimliklar eksport qilgan edi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,9 barobar yuqori.