Namanganda Hindiston kompaniyasi bilan 50 mln dollarlik memorandum imzolandi

Namangan viloyati hokimligi hamda Hindistonning Krsnaa Diagnostics Ltd kompaniyasi o‘rtasida $50 million miqdorida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Hujjat hududda tibbiyot sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va zamonaviy diagnostika xizmatlarini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur hamkorlikka tayyorgarlik ishlari avvalroq boshlangan. Joriy yil 1-mart kuni Hindiston kompaniyasi vakillari viloyatdagi bir qator tibbiyot muassasalarida bo‘lib, mavjud infratuzilma va sharoitlarni o‘rgangan edi.
Kompaniya boshqaruv kengashi raisi Rajendra Mutha boshchiligidagi delegatsiya Namanganga tashrif buyurdi. 20 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan kompaniya Hindistonda keng tarmoqqa ega bo‘lib, yuzlab diagnostika markazlari, laboratoriyalar hamda zamonaviy KT, MRT va rentgen uskunalari bilan faoliyat yuritadi.
Muzokaralar yakunida imzolangan memorandum ikki tomonning Namangan viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat va texnologik hamkorlikni kengaytirish borasidagi tayyorligini ifodalaydi. Rejalashtirilgan loyihalar 2026–2028-yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-apreldan davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik rejimda ish boshlagani haqida yozgandi.