
2025-yilda «Navoiyuran» tushumi 20,2 foizga oshib, rekord darajaga yetdi. Bu haqda korxonaning auditor tekshiruvidan o‘tmagan dastlabki hisobotida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, kompaniya tushumi $1,112 mlrdga yetib, 2024-yildagi $925 mlnga nisbatan 20,2 foizga oshgan. Moslashtirilgan EBITDA $624 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, sof foyda $472 mlngacha yetgan. Erkin pul oqimi esa sezilarli ravishda oshib, $288 mlndan $460 mlnga (+59,7%) ko‘tarilgan.
Shuningdek, investitsiyalar hajmi ham yuqori bo‘lib, 2025-yilda jami $551 mln CAPEX yo‘naltirilgan. Shundan $322 mln konlarni o‘zlashtirishga, $162 mln asosiy vositalarga, yana $67 mln geologik qidiruv ishlariga sarflangan. Kompaniyaning sof qarzi $72 mlnni tashkil etib, qarzning EBITDAga nisbati 0,12 barobar darajada saqlanib qolgan.
Shu bilan birga, operatsion ko‘rsatkichlar ham ijobiy dinamikani ko‘rsatmoqda. Uran qazib olish hajmi bir yil ichida 5,2 ming tonnadan 7 ming tonnagacha oshib, 35 foizlik o‘sish qayd etilgan. Uranning o‘rtacha sotuv narxi esa bir funt U₃O₈ uchun $69,5 ni tashkil qilgan.
Zaxiralar hajmi keskin ko‘payib, 63,4 ming tonnadan 96,6 ming tonnagacha (+52%) yetgan. Mineral resurslar esa 52,2 ming tonnadan 53,9 ming tonnaga (+3%) oshgan. Bu ko‘rsatkichlar SRK Consulting tomonidan tayyorlangan hisobot asosida tasdiqlangan.
O‘tgan yilda kompaniya yangi konlarni o‘zlashtirish, jumladan Qizilqoq va Arnasoy hududlarida ishlarni faollashtirdi. Shu bilan birga, kislorodli va karbonatli eritib olish texnologiyalarini joriy etish orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga e’tibor qaratildi.
«Global talabning izchil o‘sishi sharoitida «Navoiyuran» tabiiy uranning yuqori samarador va ishonchli yetkazib beruvchisi sifatidagi yetakchi pozitsiyalarini mustahkamlab bormoqda. Bizning ustuvor yo‘nalishlarimiz – aktivlarni rivojlantirish, zaxiralarni o’stirish, ilg‘or zamonaviy qazib olish texnologiyalarini qo‘llash hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat», — deya ta’kidladi korxona bosh direktori Jamal Fayzullayev.
«Navoiyuran» haqida qisqacha
«Navoiyuran» — dunyodagi yirik uran ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lib, O‘zbekistonning Navoiy viloyatida faoliyat yuritadi. Kompaniya past tannarxli ishlab chiqarish modeli bilan ajralib turadi va bugungi kunda uran qazib olish hajmi bo‘yicha jahonda 6-o‘rinni egallaydi.
Korxona 43 ta uran konini boshqaradi hamda umumiy resurs bazasi 151,1 ming tonnani tashkil etadi. Shundan 96,6 ming tonnasi xalqaro JORC standartlari asosida tasdiqlangan zaxiralar hisoblanadi. So‘nggi yillarda kompaniya geologik qidiruv va yangi loyihalar hisobiga o‘z resurs bazasini izchil kengaytirib bormoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Navoiyuran» DK 2025-yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha 3,7 trln so‘m sof foyda qayd etgani haqida yozgandi.