Yangiliklar

Niderlandiya Yevropada Tesla’ning to‘liq avtopilotini ma’qullagan ilk davlat bo‘ldi

Tizim hozircha faqat Niderlandiyada amal qiladi hamda haydovchidan doimiy nazoratni talab etadi
Foto: Rozetked

Niderlandiya transport vositalari boshqarmasi 2026-yil 10-aprel kuni Tesla kompaniyasining FSD Supervised haydovchiga yordam tizimi uchun ruxsatnoma berdi.

FSD Supervised tizimi hozircha faqat Niderlandiya hududida amalda bo‘lib, avtomobilni to‘liq mustaqil boshqarish imkonini bermaydi. Mazkur texnologiya bir yarim yillik sinovlardan so‘ng tasdiqlandi. U to‘liq avtonom boshqaruvni anglatmaydi va harakat jarayonida asosiy javobgarlik hamon haydovchi zimmasida qoladi.

Foto: TeslaMagz

Tizim faol bo‘lganda, haydovchi doimo yo‘lga e’tibor qaratishi hamda rulni o‘z qo‘liga olishga tayyor turishi shart. Avtomobil datchiklar orqali inson e’tiborini doimiy kuzatib boradi va chalg‘ish holatlarida o‘z ishlashini vaqtincha to‘xtatishi mumkin.

Yevropa Ittifoqida xavfsizlik talablari qat’iy bo‘lib, tasdiqlangan dasturiy ta’minot AQShdagi versiyadan farq qiladi. RDW tizimni butun Yevropa hududida joriy etish maqsadida komissiyaga ariza kiritadi. Agar a’zo davlatlar uni ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullasa, texnologiya barcha davlatlarda qonuniy kuchga kiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla kompaniyasi arzon elektromobil ustida ishlayotgani haqida xabar bergan edi.