
Germaniyaning «Premium Food Group» tashkilotida O‘zbekiston fuqarolari uchun qassobchilik (go‘shtni qayta ishlash) sohasida jami 300 ta ish o‘rni ochildi. Ish o‘rinlari Buxoro, Nukus va Termiz hududlari bo‘yicha 100 tadan taqsimlangan, deya xabar bermoqda Migratsiya agentligi.
Unga ko‘ra, xodimlar konveyerda ishlash, mahsulotlarni qadoqlash, tashish hamda ishlab chiqarish uskunalarini nazorat qilish kabi vazifalarni bajaradi. Ish haftasiga 39 soat etib belgilangan bo‘lib, sinov muddati 6 oyni tashkil etadi.
Maosh netto hisobida taxminan 1700 yevro etib belgilangan. Tungi smenada (23:00–06:00) ishlagan xodimlarga esa ish haqiga 25 foiz ustama to‘lanadi. Shuningdek, turar joy xarajati oyiga 310 yevro, ovqatlanish xarajatlari esa o‘rtacha 4 yevro atrofida ekani qayd etilgan.
Vakansiyada ishtirok etish uchun 18–40 yoshdagi erkaklar qabul qilinadi. Nomzodlarda oliy yoki o‘rta maxsus ma’lumot talab etiladi hamda go‘sht sanoati yo‘nalishida tegishli ish tajribasi mavjud bo‘lishi kerak. OTM bitiruvchilari uchun 2 yillik, kasb-hunar diplomi egalari uchun esa 5 yillik ish staji talab etiladi.
Shuningdek, nomzodlar nemis tilini muloqot darajasida bilishi va 4 oylik maxsus kasbga yo‘naltirilgan kurslarda ishtirok etishi shartligi bildirildi. Ushbu kurslar davomida o‘qish va yotoq joy bilan ta’minlash bepul bo‘ladi. Aviabilet, viza hamda hujjatlar bilan bog‘liq xarajatlar esa nomzod hisobidan qoplanadi.
Ro‘yxatdan o‘tish ushbu havola orqali amalga oshiriladi. Arizalar qabuli 2026-yil 25-aprelga qadar davom etadi. Qo‘shimcha ma’lumot uchun 1282 yoki 71 202-33-55 (502) raqamlariga murojaat qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyada kemasozlik bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan maxsus o‘quv kurslari uchun yilning ikkinchi tanlovi e.lon qilingan edi.