
O‘zbekistonda yangi «U10» dasturi orqali 10 ta yetakchi universitetga milliy tadqiqot maqomi beriladi va ular xalqaro darajada rivojlantiriladi. Bu haqda prezident farmonida keltirildi.
Mazkur dastur doirasida mamlakatda xalqaro darajada raqobatbardosh bo‘lgan yetakchi universitetlarni shakllantirish ko‘zda tutilgan. Tanlov asosida saralangan 10 ta oliy ta’lim muassasasiga milliy tadqiqot universiteti maqomi beriladi.
Ushbu maqom Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy klasterlar tashkil qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovda g‘olib chiqqan universitetlarga taqdim etiladi. Ilmiy klasterlar esa mahalliy va xorijiy oliygohlar, ilmiy tashkilotlar hamda soha korxonalari o‘rtasidagi hamkorlik asosida shakllantiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab oliy ta’lim muassasalarini moliyaviy rag‘batlantirish tizimi ham joriy etiladi. Bunda universitetlar milliy reyting natijalariga qarab baholanadi va ularga moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatiladi.
Reyting natijalari asosida oliygohlar toifalarga ajratiladi: har bir guruhdagi universitetlarning 20 foizi eng yuqori – 1-darajaga, qolganlari esa 2 va 3-darajalarga kiritiladi.
Shuningdek, davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalarni o‘qitish xarajatlarini hisoblash tartibi ham yangilanadi. Jumladan, bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan talabalar soni, ta’lim yo‘nalishining murakkabligi, moddiy-texnik baza, kadrlar tayyorlashning ustuvorligi hamda universitetning ilmiy faoliyatga yo‘naltirilganlik darajasi hisobga olinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan chet tillaridan «C1» sertifikatiga ega yoshlarga o‘quv markaz ochish uchun imtiyoz berilishi haqida yozgandi.