
O‘zbekistonda 14 – 17-aprel kunlari kutilayotgan kuchli yomg‘irlar tufayli qator hududlarda sel va suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. Gidrometeorologiya xizmati, ayniqsa, tog‘oldi va tog‘li hududlarda xavf yuqori ekanidan ogohlantirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax hamda Toshkent viloyatlarining bir qator tumanlarida sel kelishi ehtimoli bor. Shuningdek, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining ayrim hududlarida ham xavf darajasi yuqori bo‘lib qolmoqda.
Kuchli yog‘ingarchilik natijasida tog‘lardan keladigan suv oqimlari keskin oshishi, kichik daryolar va soylar toshib chiqishi mumkin. Ayrim joylarda yomg‘ir suvlari to‘planib, hududlarni suv bosish holatlari ham kuzatilishi ehtimoldan xoli emas.
Aholiga, ayniqsa, tog‘li hududlarda yashovchilarga, dam oluvchilarga va haydovchilarga ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etildi. Zarur hollarda xavfli hududlarga bormaslik, daryo va soylar yaqinida to‘xtamaslik hamda ob-havo ma’lumotlarini kuzatib borish muhimligi ta’kidlanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 13-aprel kuni qanday ob-havo kuzatilishi haqida yozgandi.