O‘zbekistonda bond omborlari bo‘yicha eksperiment boshlanmoqda: nimalar o‘zgaradi

O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish maqsadida 2026-yil 13-aprel kuni prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, mamlakatda huquqiy eksperiment tariqasida yangi turdagi bond ombori tashkil etiladi.
Mazkur huquqiy eksperiment 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishi belgilangan. Uning doirasida rezidentlar va norezidentlar jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni elektron platformalar orqali sotish maqsadida vaqtincha saqlashi mumkin bo‘ladi. Bond omborlarini tashkil etish erkin ombor faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida olib boriladi.
Tovarlarni sotish jarayoni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yuritiladigan maxsus reyestrga kiritilgan elektron savdo platformalari orqali amalga oshiriladi. Omborga keltirilgan tovarlar erkin ombor bojxona rejimiga muvofiq joylashtiriladi va keyinchalik jismoniy shaxslarga chakana savdo qilinishiga ruxsat etiladi. Mijozlarga sotiladigan tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi.
Qarorga ko‘ra, bond omboriga joylashtirilgan tovarlarni jismoniy shaxslarga chiqarish jarayoni soddalashtirilgan. Xususan, jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida beriladigan mahsulotlarga nisbatan muvofiqlikni baholash, shuningdek, sanitariya va veterinariya nazorati choralari qo‘llanilmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan elektron tijorat platformalaridagi 45 ta kamchilik bartaraf etilgani haqida xabar bergan edi.