
2026-yil 1-martdan joriy qilingan «Tartibga solish qumdoni» maxsus huquqiy rejimini doirasida 4 hududidagi (Toshkent shahar, Samarqand, Qashqadaryo va Namangan viloyatlaridagi) 6 ta mavzeda kompleks qurilish hududlaridagi renovatsiya loyihalari ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlarining kamida 80 foizi bilan notarial tasdiqlanadigan kelishuv bitimlari tuzilgandan so‘ng amalga oshiriladi. Bu haqda Milliy urbanizatsiya qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ma’lum qildi.
Uning aytishicha, yangi tartibda asosiy e’tibor aholining ko‘pchilik qismi manfaatlariga qaratiladi. Dastlab 100 foizlik rozilik talabi muhokama qilingan, ammo amaliyotda bu murakkablik tug‘dirgani sabab 80 foiz mezoni joriy etilgan.
Qayd etilishicha, ayrim uy-joylarning hujjatlari bilan bog‘liq muammolar mavjud. Shu bois qarshilik bildirayotganlar ulushi odatda 5–7 foizdan oshmaydi. Yangi mexanizmga ko‘ra, renovatsiya hududlaridagi eski uylarni faqat davlat investitsiya kompaniyalari sotib oladi. Agar mulk egalarining 80 foizi bilan kelishuvga erishilsa, qolgan masalalar sud orqali hal qilinadi.
Xususiy uy egalari mavjud uylarini ta’mirlashi mumkin. Biroq qo‘shimcha qurilishlarga ruxsat berilmaydi. Bu kelgusida kompensatsiya bilan bog‘liq muammolarni oldini olish uchun joriy etilgan.
Davlat yer uchastkalari olib qo‘yilganda to‘liq kompensatsiya to‘lanishini kafolatlaydi. Shuningdek, hududlar avval davlat tomonidan tayyorlanadi. Bosh reja ishlab chiqiladi va yer maydonlari lotlarga ajratilib, ochiq savdoga chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri avtomobil va uy-joy savdosidagi narxlarga davlat organlari aralashmasligi haqida yozgan edi.
