Yangiliklar

Taqiqdan keyin «qora bozor»: O‘zbekistonda nikotinli pauchlar nega yashirin savdoga o‘tdi

Rasm: SI

Global tamaki sanoati bugun tub transformatsiya davrini boshidan kechirmoqda. Dunyo miqyosida an’anaviy chekishga qarshi kurash fonida nikotin yetkazib berishning «tutunsiz» va muqobil vositalari bozor ulushini shiddat bilan oshirmoqda. Ulardan biri — nikotinli pauchlardir. O‘zbekistonda ular 2024-yilda to‘liq taqiqlangan. Bu kutilgan ijtimoiy natijani berdimi?

Nazoratdan chetda qolgan soha

Yaqin-yaqingacha nikotinli pauchlar O‘zbekistonda qonuniy va aksiz to‘lanadigan tovarlar toifasiga kirar edi. Qonunchilikka ko‘ra, har bir kilogramm mahsulot uchun 154 ming so‘m miqdorida aksiz solig‘i undirilgan.

Biroq joriy etilgan taqiq vaziyatni tubdan o‘zgartirdi. Bugun nikotinli pauchlar do‘kon rastalaridan g‘oyib bo‘lgan bo‘lsa-da, «qora bozor» va Telegram kanallarda ularning savdosi gullab-yashnamoqda. Davlat esa mahsulot sifati va uning kimga sotilayotgani ustidan nazoratni qo‘ldan boy berdi.

Global kontekst

Dunyoning nufuzli nashrlari, xususan, Financial Times (FT) ham ushbu mavzuga alohida e’tibor qaratmoqda. FT tahlilchisining yozishicha, yirik tamaki kompaniyalari an’anaviy sigaretlardan voz kechib, nikotinli pauchlar kabi mahsulotlarga investitsiya kiritmoqda.

FT ta’kidlashicha, nikotinli paketchalar ilk bor Shvetsiyada snyusga tamakisiz muqobil sifatida ishlab chiqilgan va bugungi kunda butun dunyoda ommalashmoqda. Nashr bu jarayonni sohaning ichki transformatsiyasi sifatida tavsiflaydi.

Maqolada keltirilishicha, tamaki kompaniyalari ulkan foyda keltirgani bois investorlar ulardan voz kechmayapti. Elektron sigaretalar va pouchlar dastlab odamlarga chekishni tashlashga yordam beradigan vosita sifatida reklama qilingan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan bu strategiya o‘zgardi. Sog‘lomroq muqobillar orqali orttirilgan qaramlikdan keladigan daromad potensiali aniq bo‘lgach, «yirik tamaki kompaniyalari yirik nikotin kompaniyalariga aylanmoqda».

Raqamlar ham buni tasdiqlaydi: yirik tamaki kompaniyalaridan biri 2025-yilning birinchi yarmida birgina AQShning o‘zida 1,1 milliard dona pauch sotishga muvaffaq bo‘ldi.

Yuqorida keltirilgan omillar davlatlarni «taqiqlash yoki tartibga solish?» degan savol qarshisida qoldirmoqda.

13 апреля 2026 г.

Xalqaro tajriba va O‘zbekistondagi vaziyat

O‘zbekiston uchun mintaqaviy va madaniy jihatdan yaqin bo‘lgan davlatlar tajribasi diqqatga sazovor. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) ushbu mahsulotlar uchun qat’iy texnik standartlarni joriy etgan. Saudiya Arabistoni esa ushbu kategoriyani qonuniy deb tan olgan va iqtisodiy mexanizmlar orqali nazorat qiladi.

Ushbu davlatlar taqiq iste’molni to‘xtatmasligini, balki uni nazoratdan chiqarishini anglab yetgan. AQShda esa pouchlar litsenziyalangan do‘konlarda faqat voyaga yetganlar uchun sotiladigan, qattiq monitoring ostidagi toifaga kiradi.

O‘zbekistonda esa vaziyat boshqacha. Pauchlar taqiqlangan bir paytda, mamlakat bo‘ylab sigaretlar va nosvoy hech qanday to‘siqsiz sotilmoqda.

Kioto universiteti tadqiqotlari nosvoy tarkibida nafaqat nikotin, balki pestitsidlar va og‘ir metallar borligini fosh etgan bo‘lsa-da, u sifat nazoratisiz muomalada qolmoqda.

Raqamlarga murojaat qilsak, manzara yanada jiddiy tus oladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 3,5 million kishi chekuvchi va 2,5 million kishi nosvoy iste’molchisi hisoblanadi. Tamaki iste’moli bilan bog‘liq kasalliklar tufayli har yili mamlakatimizda 17 mingga yaqin o‘lim holati qayd etilmoqda.

Shunday vaziyatda AQShning FDA (Oziq-ovqat va dori-darmonlar sifati ustidan nazorat boshqarmasi) va Germaniyaning BfR (Risklarni baholash federal instituti) kabi nufuzli tashkilotlar tomonidan sigaretga nisbatan ancha xavfsizroq deb tan olingan mahsulotlar toifasining taqiqlanishi mantiqan tushunarsiz.

Yoshlar omili va tartibga solish masalasi

2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda tamaki mahsulotlari va alkogol savdosiga qo‘shimcha cheklovlar joriy etildi. Xususan, ushbu mahsulotlarni sotishda yosh bo‘yicha nazoratni kuchaytirishga qaratilgan mexanizmlar kengaytirilmoqda. Endilikda bunday xaridlarni faqat bank kartalari orqali amalga oshirish belgilangan.

Nikotinli pauchlarni taqiqlashda asosiy dalillardan biri — ularni voyaga yetmaganlar ham oson sotib olishi mumkinligi edi. Biroq amaldagi vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, taqiqdan so‘ng bu mahsulotlar aynan norasmiy kanallar orqali, jumladan, Telegram platformalarida tarqalib, yoshlar uchun yanada ochiqroq va nazoratsiz bo‘lib qolmoqda.

Lekin nikotinli pauchlarning qonuniy savdosiga ruxsat berilgan taqdirda, ular majburiy markirovka tizimi va bank kartalari orqali yoshni tekshirish mexanizmlariga tushishi mumkin. Bu esa nazariy jihatdan voyaga yetmaganlarning ushbu mahsulotlardan foydalanishini cheklash imkonini beradi.