
Toshkent shahrining Olmazor tumanida 2,5 mlrd so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchiga tegishli yuk avtomobili ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv vaqtida yukxona ichida oziq-ovqat mahsulotlari ostiga yashirilgan dorilar topildi.
Aniqlanishicha, ushbu mahsulotlar sifatini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan. Shuningdek, ular davlat reyestrida ham qayd etilmagan. Jami 156 turdagi dori vositalari aniqlangan. Ularning umumiy qiymati 2,5 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Mazkur dorilar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘ona viloyatida qariyb 12 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori aniqlangani haqida yozgan edi.