Toshkentda yer uchastkasi narxi qariyb 10 foizga pasaydi — tahlil

2025-yilning IV choragida Toshkentda yer uchastkasi narxi qariyb 10 foizga pasayib, 1 sotix yer narxi 319 mln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank sharhida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, birlamchi bozorda narxlar dollar indeksida 5,7 foizga oshdi. Ikkilamchi bozorda esa o‘sish 7,9 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, so‘m hisobida narxlar ancha barqaror shakllandi. Birlamchi bozorda -1,3 foiz, ikkilamchi bozorda esa 0,7 foiz o‘sish qayd etildi.
Ijara bozorida ham o‘xshash vaziyat kuzatildi. Respublika bo‘yicha ijara narxlari yil yakunida dollar hisobida 8,3 foizga oshdi. Toshkent shahrida esa III chorakdan boshlab ijobiy o‘sish saqlanib qolmoqda. So‘mda narxlar deyarli o‘zgarmadi, bu esa taklif talabni qoplayotganini ko‘rsatadi.

Narxlarning pasayishi taklif tarkibidagi o‘zgarish bilan izohlanmoqda. Xususan, shahar chekkasida yer taklifi 22 foizga oshgan. Markaziy hududlarda esa aksincha 13 foizga kamaygan.
Umuman olganda, 2025-yil yakunida ko‘chmas mulk bozorida narxlar dollar hisobida o‘sishda davom etgan bo‘lsa, milliy valyutada nisbatan barqarorlik saqlanib qoldi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2025-yilda uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 15,8 foizga o‘sgani haqida yozgan edi.