Xorijiy tilda o‘qiganlar uchun magistraturada til sertifikati talab etilmaydi

Endilikda magistratura va doktorantura bosqichiga qabul jarayonlarida bakalavriatni xorijiy tilda tamomlagan talabalar uchun til sertifikati taqdim etish talabi bekor qilinadi. Bu haqda prezident farmonida keltirildi.
Mazkur qaror 2026-yil 10-aprel sanasida qabul qilingan oliy ta’limni takomillashtirishga oid prezident farmoni asosida belgilangan. Unga ko‘ra, bu yondashuv xorijiy tilda o‘qigan bitiruvchilarning til kompetensiyasi allaqachon yetarli darajada shakllangan deb hisoblanishi bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, barcha yo‘nalishlarda bir xil tartib qo‘llanmaydi. Ayrim mutaxassisliklarda til bilish darajasiga qo‘yiladigan talablar saqlanib qoladi. Xususan, xorijiy tillar yo‘nalishlarida yuqori darajadagi til bilish mezoni, boshqa bir qator sohalarda esa o‘rtacha darajadagi sertifikat talabi davom etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan magistraturaga qabul tartibi o‘zgargani haqida yozgandi.
2027/2028-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari magistraturaga kirishda mutaxassislik fanlaridan o‘tkaziladigan imtihon shaklini mustaqil ravishda belgilash huquqiga ega bo‘ladi.
Farmon bilan davlat oliy ta’lim muassasalariga yana bir qator qo‘shimcha vakolatlar ham berilmoqda. Jumladan, endilikda oliygoh rektori prorektorlarni mustaqil tayinlash huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, oliy ta’lim tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari, malaka oshirish markazlari hamda akademik litseylar rahbarlarini lavozimga tayinlash va ozod etish vakolati ham oliygohlarning o‘ziga beriladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda 10 ta milliy tadqiqot universiteti shakllantirilishi haqida ham xabar bergandik.