Yangiliklar

2026-yilda 140 ming xonadonli uylar foydalanishga topshiriladi

Renovatsiya zonalarida esa 30 ming kvartirali ko‘p qavatli uylar topshiriladi
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish «Mening uyim» tizimi orqali amalga oshiriladi
2026-yilda 140 ming xonadonli uylar foydalanishga topshiriladi / Foto: Depositphotos

Shavkat Mirziyoyev raisligidagi uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan o‘tgan videoselektor yig‘ilishida joriy yilda hududlarda 140 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish asosiy vazifalardan biri etib belgilandi.

Qayd etilishicha, shahar va shaharchalarning eniga kengayib borishi infratuzilma xarajatlarini 4–5 barobarga oshiradi, ijtimoiy obyektlargacha bo‘lgan masofani uzaytiradi hamda qishloq xo‘jaligi yerlarining qisqarishiga olib keladi. Shu bois eskirgan uy-joy fondini yangilash orqali ko‘p qavatli uylar qurish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.

Xususan, Samarqand shahrining temir yo‘l orti hududi, Kattaqo‘rg‘on, Oqtosh, Ishtixon, Bulung‘ur, Juma va Jomboy kabi hududlarda «barak» tipidagi uylar ko‘pligi sababli renovatsiya asosida yangi uy-joylar barpo etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Umuman, joriy yilda renovatsiya zonalarida kamida 30 ming kvartirali ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida Toshkent shahrida arxitektorlar, loyihachilar va urbanistika sohasi vakillari uchun birinchi kreativ park tashkil etilishi belgilandi. Bunday loyihalarni hududlarda ham bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatildi.

Bundan tashqari, poytaxtda yangi o‘quv yilidan urbanizatsiya, kadastr va geodeziya yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlaydigan, o‘zini o‘zi moliyalashtiruvchi oliy ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Unda o‘rta bo‘g‘in mutaxassislarini tayyorlash uchun texnikum ham tashkil etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident qurilish jarayonlarining yillab cho‘zilayotganini tanqid qilgan edi.