Yangiliklar

2027-yilda pul o‘tkazmalari hajmi sekinlashadi — XVJ

Inflyatsiya masalasida esa 2026-yilda narxlar o‘sishi Markaziy bank belgilagan 5 foizlik maqsaddan yuqoriroq bo‘lib qoladi
XVJ
Foto: Milliy statistika qo‘mitasi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) prognoziga ko‘ra, 2027-yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari oqimining o‘sish sur’ati sekinlashishi kutilmoqda. Bu haqda jamg‘armaning 13-aprelda e’lon qilingan hisobotida ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi mojaro sabab global iqtisodiyotda noaniqliklar kuchayib borayotganiga qaramay, hozircha iqtisodiy rivojlanish istiqbollari ijobiyligicha qolmoqda. 2026-yilning birinchi choragida yuqori ko‘rsatkichlar iqtisodiy faollik yuqori darajada saqlanib qolganini ko‘rsatmoqda.

Davom etayotgan islohotlar, barqaror investitsiyalar, yuqori pul o‘tkazmalari va oltin narxlarining o‘sishi hisobiga 2026-yilda YAIM 6,8 foizga o‘sishi kutilmoqda. Ammo ichki talabning asta-sekin pasayishi fonida 2027-yilda iqtisodiy o‘sish sur’atlari mo‘tadillashib, taxminan 6 foizni tashkil etadi.

Joriy hisob taqchilligi 2026-yilda qisqarishda davom etadi. Bunga yuqori pul o‘tkazmalari va eksport tushumlari yordam bermoqda. Biroq 2027-yilda vaziyat o‘zgaradi: pul o‘tkazmalari oqimi sekinlashishi va oltin narxlarining nisbatan pastroq o‘sishi hisobiga taqchillik yana biroz oshadi.

Inflyatsiya masalasida esa 2026-yilda narxlar o‘sishi Markaziy bank belgilagan 5 foizlik maqsaddan yuqoriroq bo‘lib qoladi. Bunga asosan Yaqin Sharqdagi mojaro fonida jahon neft narxlarining yuqoriligi sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, tartibga solinadigan narxlarning sekinroq oshirilishi va transport sohasiga vaqtinchalik subsidiyalar bu bosimni qisman yumshatadi.

Taxminlarga ko‘ra, 2027-yilda qat’iy pul-kredit siyosati, strukturaviy islohotlar davom ettirilishi va neft narxlarining pasayishi hisobiga inflyatsiya Markaziy bankning 5 foizlik maqsad darajasiga tushadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda so‘nggi 5 yil ichida chet eldan kelayotgan pul o‘tkazmalari uch baravar oshdi. 2025-yilda bu ko‘rsatkich $18,9 mlrdga yetdi.

Markaziy bank tahliliga ko‘ra, o‘zbekistonliklar asosan Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Turkiyada ishlaydi. So‘nggi yillarda Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlardan kelayotgan o‘tkazmalar ham oshmoqda.

Xususan, Buyuk Britaniyadan 39%, Yevropa Ittifoqidan 37%, AQSh va Janubiy Koreyadan 15% o‘sish kuzatilgan.