Yangiliklar

2025-yilda yerni xususiylashtirish bo‘yicha 112 ming arizaning 14 foizi rad etilgan

Buning oqibatida davlat budjetiga tushishi kerak bo‘lgan 550 mlrd so‘m mablag‘ boy berilgan
Foto: Norma.uz

2025-yilda O‘zbekistonda bosh reja yo‘qligi vajidan yerni xususiylashtirish bo‘yicha tushgan 112 ming arizaning 14 foizi rad qilingan. Natijada 4 ming gektar yerni aktivga aylantirish va davlat budjetiga tushishi kerak bo‘lgan 550 mlrd so‘m mablag‘ boy berilgan.

Prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida vaziyatni o‘nglash maqsadida mutasaddilarga uch oy muddatda yerni xususiylashtirish arizalariga inson omilisiz, 5-10 daqiqa ichida onlayn javob beruvchi tizimga o‘tish topshirildi.

Shuningdek, tasdiqlangan bosh rejalarda suv, kanalizatsiya, issiqlik, gaz, elektr liniyalari va yo‘llar qachon, qaysi manbalar hisobidan qurilishi noaniq qolayotgani tanqid qilindi. Kompleks dasturlar yo‘qligi oqibatida infratuzilmaga ketadigan xarajatlar 2-3 karra oshib ketayotgani va pala-partish qurilishlar haligacha davom etayotgani ta’kidlandi.

Har bir viloyat hokimiga ikki oy muddatda viloyat va tuman markazlarining tasdiqlangan bosh rejalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent bosh rejasi tadbirkorlar loyihasiga qarab o‘zgartirilmasligi haqida xabar bergan edi.