Lifestyle

Chery 41 ming dollarlik gumanoid robot sotuvini boshladi

Kompaniyaning AiMoga sho‘basi tomonidan ishlab chiqilgan Mornine M1 roboti onlayn savdoga qo‘yilgan
Chery 41 ming dollarlik gumanoid robot sotuvini boshladi
Foto: Lanjinger

Xitoyning Chery kompaniyasi $41 minglik gumanoid robot sotuvini boshladi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Kompaniyaning AiMoga sho‘basi tomonidan ishlab chiqilgan Mornine M1 roboti onlayn savdoga qo‘yildi. Qurilma narxi 285 800 yuan, ya’ni taxminan $41,4 mingni tashkil etadi. Yetkazib berish 23-maydan boshlanishi kutilmoqda.

Yangi robot 167 sm bo‘yga ega bo‘lib, vazni 70 kg. Uning tanasi 40 ta harakat erkinligi darajasi bilan jihozlangan. Maksimal yurish tezligi 1 m/s ga yetadi. Robot 0,7 kVt/soat sig‘imli batareya bilan ishlaydi va 2 soat zaryad bilan 2 soat faoliyat yurita oladi.

Foto: Lanjinger

Mornine M1 zamonaviy sensorlar bilan ta’minlangan. Unda 3D lidar, chuqurlik kameralar, keng burchakli kamera va ultratovush radarlar mavjud. Robot ikki qo‘l bilan ishlash, avtomobil eshigini ochish va VR orqali masofadan boshqarish imkoniyatiga ega.

Kompaniya robotni savdo, mijozlarga xizmat ko‘rsatish va trening jarayonlarida qo‘llashni rejalamoqda. Shu bilan birga, AiMo’ga robotlarni faqat sotish emas, balki ijaraga berish va bo‘lib to‘lash tizimini ham yo‘lga qo‘ymoqda.

Chery bu yo‘nalishda kengayishni davom ettirmoqda. Kompaniya robotlar uchun maxsus savdo tarmoqlarini tashkil etmoqda va avtomobil salonlari hamda savdo markazlarida namoyish qilishni yo‘lga qo‘yadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery Freelander avtomobilini sinovdan o‘tkazgani haqida yozgan edi.