
AQShning yirik Delta Air Lines yangi biznes-klass kabinalarini taqdim etdi va premium segmentni asosiy yo‘nalishga aylantirmoqda. Bu haqda Oneinvest.com nashri ma’lum qildi.
Endilikda yo‘lovchilarga kengroq yotoq joyi, yaxshilangan yoritish va qo‘shimcha saqlash joylari taklif etiladi. Kabinalar 24 dyuymli 4K ekranlar, Bluetooth ulanishi va simsiz quvvatlash bilan jihozlanadi.
Yangi kabinalar 2027-yildan boshlab foydalanishga topshiriladigan Airbus A350-1000 samolyotlarida joriy etiladi. Yangi konfiguratsiyada o‘rinlarning deyarli yarmi premium yo‘lovchilar uchun ajratiladi. Kompaniya aynan shu orqali Osiyo, Afrika va Yaqin Sharq bozorlarida o‘z ulushini oshirmoqchi.

Delta faqat biznes-klass bilan cheklanmayapti. Ekonom klass ham yangilanmoqda. Barcha o‘rindiqlarda xotira effektiga ega yostiqlar, yaxshilangan rozetkalar va kattaroq ekranlar bo‘ladi.
Kompaniya bu qarorni premium segmentning yuqori daromadliligi bilan izohlamoqda. 2026-yilning birinchi choragida qimmat tariflar, jumladan, biznes va birinchi klassdan tushgan daromad 14 foizga oshgan. Shu bilan birga, uzoq tanaffusdan so‘ng ekonom klass daromadi ham yana o‘sishni boshlagan.

Shu bilan birga, Delta aksiyalari yil boshidan buyon pasayishda davom etmoqda. 13-aprel kuni ular 2,3 foizga tushdi, yil boshidan esa umumiy pasayish 4,6 foizni tashkil qildi. Taqqoslash uchun, S&P 500 indeksi shu davrda atigi 0,3 foizga kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Delta aviakompaniyasi nima sababdan 2 mlrd dollar yo‘qotishi haqida yozgan edi.