Yangiliklar

Emirates nega Starlink’ni tanladi — kompaniya izoh berdi

2027-yil o‘rtalariga qadar butun flotni to‘liq yangilashni rejalashtirmoqda
Foto: Emirates Airlines

Dubayning Emirates aviakompaniyasi samolyotlarida internet sifatini yaxshilash uchun Starlink texnologiyasini joriy etishga qaror qildi.

Kompaniya 2025-yil noyabrdan boshlab Boeing 777 samolyotlarida yangi tizimni o‘rnatishni boshlaydi va 2027-yil o‘rtalariga qadar butun flotni to‘liq yangilashni rejalashtirmoqda. Bu loyiha $5 milliardlik modernizatsiya dasturining bir qismi hisoblanadi.

Kompaniya vakili Patrik Brannelli so‘zlariga ko‘ra, avvalgi internet tizimlari o‘zini oqlamagan. Uning aytishicha, qancha mablag‘ sarflanmasin, yo‘lovchilar doimiy ravishda xizmat sifati pastligidan shikoyat qilgan. Ko‘plab foydalanuvchilar umuman tizimga ulana olmagan yoki ulanish barqaror ishlamagan. Ayniqsa, bir vaqtning o‘zida ko‘p yo‘lovchi internetdan foydalanishga uringan paytda tizim yuklamaga dosh bera olmagan.

Brannellining ta’kidlashicha, aynan Starlink muammoni tushunib, amaliy yechim taklif qilgan. Kompaniya bir nechta antennalar orqali yuklamani taqsimlash va uzluksiz ulanishni ta’minlashga erishgan. Shu bilan birga, tizimda zaxira imkoniyatlari ham mavjud bo‘lib, bu barqarorlikni oshiradi.

Yangi texnologiyaning eng muhim jihatlaridan biri — sun’iy yo‘ldoshlar o‘rtasida lazer orqali aloqa o‘rnatilgani. Bu esa hatto okean ustida ham internet uzilmasligini ta’minlaydi. Signal bir yo‘ldoshdan boshqasiga uzatiladi va oxir-oqibat yer stansiyasiga yetkaziladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda Tojikistondan 6 million so‘mlik Starlink’ni noqonuniy olib kirayotganlar ushlangani haqida yozgandi.