Yangiliklar

Gondurasda noyob yaguar topildi

Kamyob yovvoyi mushukning qayd etilishi hududning ekologik tiklanishidagi ijobiy natijalardan biri sifatida baholanmoqda
Foto: CNN

Gondurasning Syerra-del-Merendon tog‘ tizmasida so‘nggi 10 yil ichida birinchi marta yaguar nomi bilan tanilgan noyob yovvoyi mushuk kameraga muhrlandi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.

Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) ma’lumotlariga ko‘ra, yaguarlar o‘zlarining tarixiy yashash hududlarining 49 foizini yo‘qotgan. Gondurasda bu jonivorlar qonun bilan himoyalansa-da, o‘rmonlarning kesilishi va brakonyerlik ularga nisbatan asosiy xavf bo‘lib qolmoqda. 2001-yildan 2024-yilgacha mamlakat o‘z o‘rmon qoplamining 19 foizini, ya’ni 1,5 mln gektar maydonni yo‘qotgan.

Foto: CNN

Hukumat o‘rmonlarni himoya qilish uchun 8 ming nafar harbiydan iborat patrul xizmatini yo‘lga qo‘ygan. Yovvoyi mushuklarni saqlab qolishga qaratilgan Panthera tashkilotining Gondurasdagi direktori Franklin Kastaneda vaziyatga ijobiy baho berdi.

«Biz umuman olganda yirik mushuklar populyatsiyasining tiklanishini ko‘rmoqdamiz», — dedi u.

Foto: CNN

Aksariyat yaguarlar 1000 metrdan past balandlikda yashaydi, shu sababli bulutli yaguarlarning baland tog‘larda uchrashi o‘ta noyob holat sanaladi. Mutaxassislar taxminicha, kameraga tushgan yosh erkak yaguar Gvatemala va Gonduras o‘rtasidagi yovvoyi tabiat koridori orqali urg‘ochi izlab harakatlangan bo‘lishi mumkin.

Foto: CNN

So‘nggi paytlarda bu turning saqlanishi bo‘yicha xalqaro miqyosda qator ijobiy o‘zgarishlar, xususan, Meksikada yaguarlar populyatsiyasining 10 foizga o‘sishi kuzatilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kolumbiya Eskobar begemotlarini yo‘q qilishni ma’qullagani haqida xabar berdi.