Yangiliklar

Kolumbiya Eskobar begemotlarini yo‘q qilishni ma’qulladi

Hukumat avval sterilizatsiya qilish va hayvonlarni boshqa joylarga ko‘chirish orqali muammoni hal qilishga uringan
Kolumbiya Eskobar begemotlarini yo‘q qilishni ma’qulladi
Foto: AP

Kolumbiya hukumati Eskobar begemotlarini yo‘q qilishni ma’qulladi. Bu haqda Al Jazeera mahalliy nashrlarga tayanib xabar bermoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, markaziy hududlarda erkin yurayotgan begemotlardan 80 tagacha yo‘q qilinadi. Atrof-muhit vaziri Irene Veles bu qaror ekotizimni saqlab qolish uchun zarur ekanini ta’kidlagan. Hukumat avval sterilizatsiya qilish va hayvonlarni boshqa joylarga ko‘chirish orqali muammoni hal qilishga uringan. Ammo bu usullar qimmat va samarasiz bo‘lib chiqqan.

Mazkur hayvonlar Kolumbiyaga 1980-yillarda mashhur narkobaron Pablo Eskobar tomonidan olib kelingan. U o‘zining shaxsiy hayvonot bog‘i uchun atigi to‘rtta begemot keltirgan, biroq vaqt o‘tishi bilan ular tez ko‘payib ketdi. Mutaxassislar hisobiga ko‘ra, hozirda mamlakatda 170 ga yaqin begemot erkin yashamoqda. Ular Eskobarning sobiq mulki — Asienda Napoles hududidan tashqariga ham tarqalgan.

Hayvonlarni himoya qiluvchi faollar esa bu qarorga qarshi chiqmoqda. Ularning fikricha, begemotlarni yo‘q qilish noto‘g‘ri yechim bo‘lishi mumkin. Ma’lumot uchun, Kolumbiya Afrikadan tashqarida begemotlar erkin yashaydigan yagona mamlakat hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Lotin Amerikasi dunyoga oziq-ovqat yetkazib berishda yetakchi hududga aylangani haqida yozgan edi.