Avto

Mercedes-Benz EQS avtomobili yangilandi

Model bir zaryadda 926 kmgacha yurish imkoniyatiga ega
Mercedes-Benz EQS avtomobili yangilandi
Foto: Mercedes-Benz

Mercedes-Benz kompaniyasi o‘zining flagman elektromobili Mercedes-Benz EQS modelining yangilangan versiyasini taqdim etdi. Bu haqda «Tarantas Nyus» nashri xabar bermoqda.

Model bir zaryadda 926 kmgacha yurish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu oldingi avlodga nisbatan 13 foizga ko‘p. Yangi EQS 800 voltli elektr arxitekturasiga o‘tdi. Bu esa 350 kVtgacha tez zaryadlash imkonini beradi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, avtomobil atigi 10 daqiqada 320 km yurish uchun yetarli energiya oladi.

Foto: Mercedes-Benz

Modelda akkumulyator sig‘imi ham oshirildi. U 118 kVt/soatdan 122 kVt/soatgacha yetkazildi. Shu bilan birga, batareya hajmi o‘zgarmagan. Bu yangi materiallar hisobiga erishilgan. Yangilangan EQS’da yangi operatsion tizim — MB.OS joriy etildi. U avtomobilning barcha funksiyalarini boshqaradi va bulut orqali yangilanadi. Shuningdek, MBUX tizimi sun’iy intellekt bilan boyitilgan bo‘lib, murakkab dialoglarni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Mercedes-Benz

Avtomobil yana bir muhim texnologiya — elektron rul boshqaruviga ega bo‘ladi. Bu tizim rul bilan g‘ildiraklar o‘rtasidagi mexanik bog‘lanishni yo‘q qiladi va boshqaruvni yanada qulay qiladi. Biroq bu funksiya sotuv boshlanishida emas, keyinroq taqdim etiladi. Yangi EQS Germaniyada 94,4 ming yevrodan boshlanadigan narxda taklif qilinadi. Shuningdek, arzonroq EQS 400 versiyasi ham taqdim etildi. U 270 kVt quvvatga ega va 112 kVt/soat batareya bilan jihozlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri eng ishonchli nemis yo‘ltanlamas avtomobillar reytingi e’lon qilingani haqida yozgan edi.