
Germaniyaning Koblenz shahrida joylashgan harbiy texnika muzeyi 26 ta davlat fuqarolari uchun kirishni taqiqladi, ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor. Mazkur cheklov joriy yil mart oyidan boshlab amal qilmoqda.
Muassasa ushbu qarorni «ishonchlilikni tekshirish to‘g‘risidagi qonun»ga asoslangan holda qabul qilganini bildirgan. Taqiq faqat o‘zbekistonliklargina emas, balki qozoqlar, rossiyaliklar va ukrainaliklarga ham tegishli.
Mazkur muzey sobiq G‘arbiy Germaniya armiyasining 1960-yillarda sinov poligoni asosida tashkil etilgan bo‘lib, Yevropadagi eng yirik harbiy-texnik kolleksiyalardan biri hisoblanadi. U sobiq Langemark kazarmalari hududida joylashgan.
Muzey eksponatlari orasida Renault FT-17 tanki, asosiy jangovar tanklar Leopard 1 va Leopard 2, shuningdek Germaniya va NATO mamlakatlarida ishlab chiqilgan prototip hamda oldindan ishlab chiqarilgan texnikalar mavjud. Ular qatorida Marder 2 BMP va Kampfpanzer 70 ham bor.
Bundan tashqari, tashrif buyuruvchilar o‘qotar qurollar, artilleriya va turli zirhli texnika namunalari bilan ham tanishishlari mumkin. Hozirgi kunda muzeyga kirish chiptasi narxi 3 yevroni tashkil etadi. Germaniya armiyasi harbiy xizmatchilari uchun esa muzeyga kirish bepul hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnes rekordlar kitobiga kirgani haqida xabar qilgan edik.
