
O‘zbekistonda fuqarolarning o‘z nomiga kredit rasmiylashtirilishini cheklash imkonini beruvchi «kreditga taqiq» xizmatidan foydalanuvchilar soni 2 milliondan oshdi. Bu haqda Kredit-axborot tahliliy markazi (KATM) xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatida ushbu xizmatdan foydalanuvchilar soni 2 mln 207 ming 753 nafarga yetgan.
Mazkur xizmat fuqarolarga o‘z nomiga bank yoki mikrokredit tashkilotlarida kredit shartnomasi tuzilishini vaqtincha yoki to‘liq cheklash imkonini beradi. Tahlillarga ko‘ra, xizmatdan foydalanishda erkaklar ulushi ustun bo‘lib, jami foydalanuvchilarning 58 foizini tashkil etadi. Ayollar esa 42 foiz atrofida.
Yosh tarkibi bo‘yicha eng katta guruh 26–35 yosh oralig‘idagi fuqarolarga to‘g‘ri keladi. Ular umumiy foydalanuvchilarning taxminan 31 foizini tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda 26 yoshgacha bo‘lgan yoshlar va 36–45 yoshdagilar turadi — har ikkisi ham qariyb 24 foizlik ulushga ega.
Bundan tashqari, 46–55 yosh toifasidagi fuqarolar 12 foizni tashkil qilsa, 56 yosh va undan kattalar eng kam ulush bilan — 9 foiz atrofida qayd etilgan.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda 438 mingdan ortiq kishilar o‘ziga kredit olishni taqiqlagani haqida yozgandi.