
Shavkat Mirziyoyev raisligidagi uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida qurilish jarayonlarining yillab cho‘zilayotgani tanqid qilindi.
Ta’kidlanishicha, dunyoda qurilish sohasi jadal o‘zgarib bormoqda va unga zamonaviy loyiha yechimlari, yangi texnologiyalar hamda standartlar kirib kelmoqda. Shu munosabat bilan mamlakat qurilish tizimining ushbu o‘zgarishlarga mosligi, soha rahbarlarining tezkorlik va sifat bo‘yicha mas’uliyati, shuningdek, seysmologiya va zilzilabardoshlik xavflarini hisobga olgan holda yangi yechimlar ishlab chiqish masalalari qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyati uchun yiliga 6,5 ming gektar yer hamda 600 ming kvadrat metr bino-inshootlar savdoga chiqarilmoqda. Shuningdek, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 140 trln so‘m resurs ajratilmoqda.
Biroq yer va kredit kabi asosiy masalalari hal etilgan tadbirkorlar qurilishni boshlash bosqichida turli to‘siqlarga duch kelayotgani qayd etildi. Jumladan, foydalanilmayotgan yerlar uchun soliq hisoblanishi, kreditlar bo‘yicha foizlar qo‘llanilishi, biroq byurokratiya, korrupsiya va sansalorlik sababli qurilish jarayonlarining oylar, hatto yillarga cho‘zilayotgani tanqid qilindi.
Shu bois soha vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda mingdan ortiq quruvchi va loyiha tashkilotlarining takliflari yig‘ilgan bo‘lib, yig‘ilishda ushbu taklif va tashabbuslar asosida ishlab chiqilgan yangi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetgani haqida xabar qilgan edik.