Yangiliklar

Toshkent to‘y oshi geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olindi

Bu orqali taomning aynan Toshkent shahri va viloyatiga xosligi rasman e’tirof etildi
Toshkent to‘y oshi
«Toshkent to‘y oshi» geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olindi / Foto: King Plov

O‘zbek milliy taomlaridan Toshkent to‘y oshi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu orqali taomning aynan Toshkent shahri va viloyatiga xosligi rasman e’tirof etildi, deya xabar berdi Intellektual mulk agentligi.

Toshkent vohasida palov tayyorlash an’analari asrlar davomida shakllangan bo‘lib, to‘y oshi ushbu madaniyatning eng muhim qismi hisoblanadi. U oddiy taom emas, balki murakkab texnologik jarayon bo‘lib, tong saharda maxsus cho‘yan qozonlarda tayyorlanadi. Tayyorlash jarayonida mahsulotlar nisbati, harorat va pishirish ketma-ketligi muhim ahamiyat kasb etadi.

«Mazkur maqom «Toshkent to‘y oshi» nomi va anʼanaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qiladi hamda mahsulot sifatining davlat meʼyorlariga muvofiqligini kafolatlaydi», — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, geografik ko‘rsatkich — mahsulotning muayyan hududga mansubligini va uning o‘ziga xos xususiyatlari aynan shu hudud bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi intellektual mulk obyektidir.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan osh bilan yeyilmasligi kerak bo‘lgan taom ma’lum qilingani haqida yozgandi.