
Xitoyda Toyota kompaniyasining yangi bZ7 flagman elektromobili taqdimotdan keyingi dastlabki bir soat ichida 3 mingdan ortiq buyurtma qabul qildi.
Ushbu raqobatbardosh narxdagi sedanga yuqori texnologik boshqaruv tizimlari o‘rnatilgan bo‘lib, u dastlabki kutilmalardan ham yuqori qiziqish uyg‘otmoqda.

Yangi sedanga Huawei kompaniyasining 207 kVt quvvatga ega DriveONE elektr tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, u soatiga 180 kilometr tezlikka erisha oladi. Avtomobil 71 va 88 kVt/soat sig‘imli akkumulyatorlar bilan taklif etiladi. Ular bitta to‘liq quvvatlanishda 600 hamda 710 km masofa bosib o‘tish imkonini beradi. Tezkor quvvatlanish tizimi orqali avtomobil 10 daqiqa ichida qo‘shimcha 300 kmlik harakat zaxirasiga ega bo‘ladi.

Model raqobatbardoshligini oshirish maqsadida yirik texnologik kompaniyalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Mashina Huawei HarmonyOS 5.0 boshqaruv tizimi hamda maishiy texnikalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarish imkonini beruvchi Xiaomi aqlli ekotizimi bilan jihozlangan.

Shuningdek, tom qismiga o‘rnatilgan LiDAR sensori asosida ishlovchi Momenta R6 ilg‘or avtopilot tizimi kiritilgan bo‘lib, u 50 dan ortiq xavfsizlik va qulaylik funksiyalarini bajaradi.

Hozirgi vaqtda bZ7 modelining narxi Xitoy bozorida vaqtinchalik chegirmalar bilan 147,8 mingdan 199,8 ming yuangacha ($21,5 ming – $29 ming) belgilangan. Mashina salonida 15,6 dyuymli markaziy sensorli ekran, 27 dyuymli proyeksion displey (HUD), isitish, sovitish va uqalash funksiyalariga ega o‘rindiqlar hamda o‘rnatilgan muzlatgich mavjud.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toyota Tacoma AQShda mexanik uzatmali yagona pikap bo‘lib qolayotgani haqida xabar bergan edi.