
Shavkat Mirziyoyev raisligida uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatda qurilish sohasi va uy-joy ta’minotini yaxshilash, shuningdek, mahalliy pudratchilarning xalqaro loyihalardagi ishtirokini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda $20 mlrddan ortiq infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Biroq kichik va o‘rta quruvchilar hamda yuqori reyting va yetarli resurslarga ega mahalliy korxonalar ushbu bozorda to‘liq ishtirok eta olmayotgani, ko‘pincha subpudratchi sifatida faoliyat yuritayotgani qayd etildi.
Shuningdek, mutasaddilar va buyurtmachi vazirliklar xalqaro moliya tashkilotlari bilan muzokaralarda mahalliy quruvchilarning imkoniyatlarini yetarlicha ko‘rsata olmayotgani, shartnoma shartlarida ularning manfaatlarini himoya qilmayotgani hamda xalqaro tender talablarini o‘rgatish tizimi yetarli emasligi tanqid qilindi. Shu sababli mahalliy loyiha, qurilish va konsultant tashkilotlarni xalqaro tenderlarda ishtirok etishga o‘qitish tizimini yaratish vazifasi qo‘yildi.
Uy-joy qurilishi masalasida ham bir qator ma’lumotlar keltirildi. So‘nggi yillarda 56 ta «Yangi O‘zbekiston» massivining infratuzilmasi uchun 4,1 trln so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu maqsadlar uchun yana 1,4 trln so‘m yo‘naltirilmoqda.
Biroq 2025-yilda ayrim hududlarda uy-joylar belgilangan muddatda topshirilmagan: Toshkent viloyatida 2,1 mingta, Samarqandda 1,5 mingta, Farg‘onada 1,3 mingta, Toshkent shahrida 1 mingta va Jizzaxda 380 ta xonadon foydalanishga topshirilmagan. Shu bois mutasaddilar va hokimlarga joriy yilda 34 ming xonadon qurilishini yakunlash vazifasi yuklatildi.
Yangi tartibga ko‘ra, qurilishi davom etayotgan massivlarni kengaytirish faqat hududdagi kvartiralarning kamida 85 foizi egalariga topshirilgandan keyin amalga oshiriladi. Investitsiya kompaniyalari tashkil etilib, 1-oktabrdan boshlab ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun yerlar zarur hujjatlar bilan birga tayyor holatda auksionga chiqarilishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan obyektlar bo‘yicha 14 foiz ustama bekor qilinishi haqida yozgan edik.