
Davlat xavfsizlik xizmati so‘nggi paytlarda fuqarolarga chet el raqamlari orqali amalga oshirilayotgan shubhali qo‘ng‘iroqlar keskin ko‘payganini ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, bunday qo‘ng‘iroqlar oddiy mobil aloqa orqali emas, balki internet va maxsus dasturlar yordamida amalga oshirilmoqda. Shu sababli firibgarlar o‘zlarining haqiqiy joylashuvi va raqamlarini yashirib, istalgan davlat kodi bilan chiqish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Bu turdagi qo‘ng‘iroqlarni aniqlash ancha murakkab, chunki ular vaqtinchalik va soxtalashtirilgan raqamlar orqali amalga oshiriladi. Natijada mobil operatorlar ham qo‘ng‘iroq manbasini aniq belgilay olmaydi.
Bunday holatlar fuqarolar uchun bir nechta jiddiy xavflarni yuzaga keltiradi. Ayrim holatlarda abonentlar qayta qo‘ng‘iroq qilish orqali o‘z hisobidagi mablag‘dan ayrilib qolmoqda. Yana bir xavf – firibgarlarning o‘zini turli tashkilot xodimi sifatida tanishtirib, fuqarolarning shaxsiy yoki bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga urinishi bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, hatto qo‘ng‘iroqqa javob berishning o‘zi ham raqamning faol ekanini bildiradi va keyinchalik firibgarlik hujumlari ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin. Eng xavotirli jihatlardan biri esa suhbat davomida ovoz yozib olinib, uni sun’iy intellekt orqali soxtalashtirib, yaqinlarni aldashda ishlatish ehtimoli borligidir.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolardan bunday holatlarga jiddiy e’tibor qaratishni, notanish xorijiy raqamlarga javob bermaslikni, ularga qayta qo‘ng‘iroq qilmaslikni hamda shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga bermaslikni tavsiya etdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan to‘lov tizimlarida firibgarlikka qarshi yangi tartib joriy etilishi haqida yozgandi.