
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonda qarz mablag‘lari narxini pasaytirish shartlarini ma’lum qildi. Ekspertlarning fikricha, kreditlarning barqaror arzonlashishiga foiz stavkalarini sun’iy cheklash orqali emas, balki banklararo raqobat va makroiqtisodiy barqarorlik orqali erishish mumkin.
Bu boradagi xulosalar Jamg‘armaning 2026-yil 13-aprelda e’lon qilingan O‘zbekistondagi missiyasi yakunlari bo‘yicha hisobotida keltirilgan.
Kreditlar qanday arzonlashadi
XVJ ekspertlari kreditlar narxining (stavkalarning) barqaror pasayishi uchun bir qator tizimli o‘zgarishlar zarurligini ta’kidlamoqda. Jamg‘arma xulosasiga ko‘ra, faqatgina quyidagi choralar majmuasi qarz mablag‘lari qiymatining bosqichma-bosqich pasayishiga xizmat qiladi:
- Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash;
- Bank sektorida raqobatni kuchaytirish;
- To‘lov tizimlari va raqamli infratuzilmani modernizatsiya qilish;
- Kredit axborotidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
- Banklarning skoring (mijozni baholash) modellarini takomillashtirish.
«Makroiqtisodiy barqarorlik va bank sektoridagi keng ko‘lamli islohotlar bilan bir qatorda, ushbu choralar qarz mablag‘lari qiymatining bosqichma-bosqich va barqaror pasayishiga yordam beradi», — deyiladi hisobotda.
Ma’muriy cheklovlar — xavfli yo‘l
Jamg‘arma foiz stavkalariga yuqori chegara (limit) belgilash amaliyotidan voz kechishni davom ettirish zarurligini uqtirmoqda. XVFning fikricha, stavkalarni ma’muriy jilovlash moliyaviy ochiqlikni cheklaydi va iqtisodiyotning norasmiy sektorga o‘tib ketishiga sabab bo‘ladi.
Davlat dasturlari va noto‘g‘ri taqsimot
XVJ hisobotida keltirilishicha, miqdoriy ko‘rsatkichlarga asoslangan davlat kreditlash dasturlari resurslarning samarasiz taqsimlanishiga olib kelmoqda. Bunday tizim mablag‘larning «yashab qolishga qobiliyatsiz» qarz oluvchilarga yo‘naltirilishiga sabab bo‘lib, moliyaviy barqarorlikka putur yetkazishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) past ko‘rsatkichli davlat banklariga nisbatan keskin choralar ko‘rishni, jumladan, rahbariyatni yangilash yoki banklarni restrukturizatsiya qilishni tavsiya etayotgani haqida yozgandi.