Yangiliklar

Yagona portal orqali sud majlislari haqida oldindan xabardor qilish tizimi joriy etildi

Jismoniy va yuridik shaxslar uchun
Yagona portal orqali sud majlislari haqida oldindan xabardor qilish tizimi joriy etildi / Foto: Sud.uz

Endilikda fuqarolar sud majlislari haqida tezkor va qulay tarzda ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda Oliy sud rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Yangi tartibga ko‘ra, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali foydalanuvchilari sud majlisi to‘g‘risida xabarnomalar orqali xabardor qilinadi hamda fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Mazkur imkoniyat prezidentning 2025-yil 21-avgustdagi «Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonida belgilangan vazifalar asosida joriy etildi. Shu doirada Oliy sudning axborot tizimlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya qilindi.

Natijada jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli ishlar yuzasidan sud majlisi o‘tkaziladigan sana, vaqt va sud haqida oldindan ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ushbu xizmat fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun sudga borib-kelish bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar hamda vaqt sarfini kamaytiradi. Shuningdek, sud majlisi ishtirokchilarining majlis tayinlanganidan bexabar qolishi kabi holatlarning oldi olinadi.

Eslatib o‘tamiz, 1-oktabrdan boshlab moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy to‘laganlarni rag‘batlantirish tizimi joriy etilishi haqida xabar qilgan edik.